Eronda namoyishlar fonida internetga kirish cheklandi
Olam
−
06 yanvar 2849 1 daqiqa
Eronda to‘qqiz kundan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida internet segmentidagi trafik vaqtincha cheklandi. Bu haqda Kiberxavfsizlik va internet infratuzilmasi sohasida faoliyat yurituvchi “Cloudflare” kompaniyasi xabar berdi.
Eron hukumati yangi to‘lqinli norozilik namoyishlari fonida internetga kirishni cheklagan. Kompaniyaning ma’lumotlariga ko‘ra, 3 yanvar kuni trafik uchdan bir qismini yo‘qotgan.
4 yanvar ertalab trafik odatdagidan deyarli 15 foizga kam edi. Ko‘plab eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamli uzilishlar haqida xabar bergan.
Eron 2009, 2019 va 2022 yillardagi namoyishlarda, shuningdek, 2025 yil iyun oyida Isroil hujumlari vaqtida ham qisman internetga kirishni cheklagan edi. Ba’zi holatlarda butunlay uzilgan – faqat alohida saytlar faol bo‘lgan.
2025 yilning 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari mamlakatdagi 31 viloyatning 27 tasida, kamida 88 shaharda bo‘lib o‘tgan.
Huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, Erondagi ommaviy noroziliklar chog‘ida 35 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 29 nafari namoyishchilar, to‘rt nafari bolalar, yana ikki nafari esa xavfsizlik kuchlari xodimlari hisoblanadi.
OAVda noroziliklar fonida Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehrondagi noroziliklar kuchayib, armiya va xavfsizlik kuchlari dushman tomon o‘tib ketsa yoki buyruqlarni bajarmasa, shaharni tark etish rejasini ishlab chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Isroil razvedkasi vakili Beni Sabtining aytishicha, Oyatulloh Moskvaga qochishi mumkin, chunki borarga boshqa joyi yo‘q.
Live
Barchasi