Eronda “Mossad” agentlari dron yig‘adigan ustaxona topildi

Olam

image

Eron poytaxti Tehronda “Mossad” agentlarining dron yig‘adigan ustaxonasi topildi. Ustaxonada katta miqdorda dron qismlari tayyor holatda saqlanayotgan bo‘lgan. Bu haqda “Irib News” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, u yerda nafaqat dronlar, balki qo‘lbola portlovchi moslamalar ham tayyorlangan. Politsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, binoning pastki qavatida agentlar tomonidan “fabrika”ga o‘xshash maxfiy ishlab chiqarish joyi tashkil etilgan.

So‘nggi kunlarda Eron maxsus xizmatlari dron uchirishga moslashtirilgan avtomobillarni aniqlamoqda. Aynan shunday pikap bazasidagi qurilmalar yordamida isroillik agentlar Eron hududidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ballistik raketa va havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarba bergan.

Bungacha “The Washington Post” “Mossad”ning Erondagi operatsiyasi tafsilotlarini oshkor qilgan edi.

Nashrning yozishicha, mazkur operatsiyaga tayyorgarlik yillar davomida olib borilgan. Isroil Eronning raketalarni qayerda saqlashini aniq bilgan, ammo masofa sababli ular joyidan turib yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan. Shuning uchun “Mossad” dronlarni ko‘pincha hech narsadan shubhalanmagan tijorat hamkorlari yordamida, savdo kanallari orqali olib kirgan. Mahalliy agentlar o‘q-dorilarni yig‘ib, guruhlar o‘rtasida taqsimlagan. Guruh yetakchilari uchinchi davlatlarda tayyorlangan, keyin esa o‘z guruhida o‘qitilgan. Bu guruhlar raketalarning tashqariga chiqarilishini kuzatib, ular uchirilishidan oldin zarba bergan. Kichik agentlar guruhlari bu uskunalar bilan Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketa uchirish joylari yaqinida joylashtirilgan. Havo hujumlari boshlanganida, ba’zi guruhlar havo mudofaa tizimlarini ishdan chiqargan, boshqalari esa raketa uchirish moslamalariga hujum qilgan. “Mossad” Eron raketalarining soni ularni tashiydigan yuk mashinalar sonidan to‘rt barobar ko‘p ekanini bilgani sabab, aynan shu transport vositalar nishonga olingan. Isroil agentlari o‘nlab shunday yuk mashinalarini ishdan chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronga hujumida Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasiga o‘xshash dushman hududida yashirin dronlar taktikasini qo‘llagani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

dron Eron-Isroil Mossad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing