Eronda Mahsa Aminining o‘limiga sababchi bo‘lgan axloq politsiyasi qayta ish boshladi

Olam

image

Eronning axloq politsiyasi diniy me’yorlar va jamoat axloqiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida mamlakatda qayta ish boshladi. Bu haqda Eron politsiyasi vakiliga tayanib, Eron talabalari axborot agentligi (ISNA) xabar berdi.

2022 yilning kuzida mamlakat siyosiy va diniy rahbariyatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng, axloq politsiyasi bo‘linmalari Eron ko‘chalarida ko‘rinmay qolgan. Mamlakat Bosh prokurori Muhammad Jafar Muntazeri hijobni “noto‘g‘ri kiygani” uchun hibsga olinganidan so‘ng politsiya hibsxonasida halok bo‘lgan 22 yoshli kurd ayoli Mahsa Aminining o‘limi tufayli yuzaga kelgan keng ko‘lamli norozilik namoyishlari fonida politsiyaning sud tizimiga aloqasi yo‘qligini va axloq politsiyasi tugatilganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, u mamlakat rasmiylari ayollarni hijob kiyishga majburlovchi qonunni o‘zgartirish ustida ish boshlaganini tushuntirgan.

So‘nggi oylarda ko‘plab ayollar ro‘mol o‘rash talabini, jumladan, jimgina norozilik bildirgan holda e’tiborsiz qoldirdi.

Aprel oyi boshida Eron sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Mohseni-Ejey ayollarni hijobsiz omma oldiga chiqqani uchun shafqatsiz ta’qib qilish bilan tahdid qilgan.

“Bunday xatti-harakat qadriyatlarimizga dushmanlik bilan tengdir", deydi sud rahbari.

Hijobsiz ayollarni topish uchun "aqlli kameralar"

Aprel oyi boshida Eron politsiyasi jamoat joylariga “aqlli kameralar” o‘rnatishni boshlagandi. “Reuters” xabariga ko‘ra, bunday qurilmalar Eron politsiyasiga boshi ochiq ayollarni aniqlash imkonini beradi.

Shundan so‘ng “qoidabuzarlar”ga “oqibati haqida ogohlantiruvchi matnli xabarlar” keladi. Eronning “Mizan” sud axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu harakatlar “hijob qonuniga qarshilik ko‘rsatishning oldini olishga” qaratilgan.

Mahsa Amini vafoti va namoyishlar 

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.

Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.  

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchi kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. 

Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab olgan.  Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Sentyabr o‘rtalaridan beri Eronda jami 18,5 ming kishi hibsga olingan. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Mahsa Amini axloq politsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing