Eronda kichik Trampning boshi uchun $10 mln mukofot va’da qilindi (video)

Olam

image

Eron davlat OAVlari AQSH Prezidenti Donald Trampning 20 yoshli o‘g‘li Barron Trampning o‘limi uchun 10 million dollar mukofot belgilangani haqida xabar tarqatdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq “Channel 3” telekanalida “Barron Trampni qayerda va qanday o‘ldirish kerak?” sarlavhali videolavha efirga uzatilgan. Unda Barron tahsil oladigan universitetning joylashuvi, AQSH Maxfiy xizmati xodimlarining pozitsiyalari va uni kuzatib boruvchi avtomobillar haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan.

Videoda noma’lum bir yosh ayol Maxfiy xizmat qo‘riqlovidan qochib, Barron Tramp bilan yashirin uchrashgani va u haqida ma’lumotlarni video mualliflariga yetkazgani aytilgan. Shuningdek, Barron shaxsiy muloqot uchun Xbox’dan foydalanishi haqida da’vo qilingan.

“Euronews” ushbu da’volarni mustaqil ravishda tasdiqlamagan. AQSH Maxfiy xizmati esa himoyasidagi shaxslarga nisbatan tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday materialni tekshirishini bildirgan.

Bu Barron Trampga nisbatan Eron bilan bog‘liq ilk tahdid emas. O‘tgan oy Eron bilan aloqador videoda Barron Tramp va uning onasi, birinchi xonim Melaniya Trampga tahdid qilingan edi.

Yangi tahdidlar AQSH va Eron o‘rtasidagi urush davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Urush boshlanganidan beri Eron va AQSH tomoni o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchaygan, AQSH rasmiylari esa Eron yoki uning tarafdorlari amerikalik yuqori lavozimli shaxslarga qarshi qasos harakatlarini amalga oshirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning davlatga qarashli telekanali efirida AQSH Prezidenti Donald Trampni o‘ldirish uchun mukofot puli yig‘ishga chaqiriq yangragandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing