Eronda ikki kunda kamida 29 kishi qatl etildi
Olam
−
10 avgust
12881Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk Eron Islom Respublikasida shu haftaning ikki kuni mobaynida 29 kishi qatl etilganidan xavotirda ekanini bildirdi. Bu haqda tashkilot o‘z sahifasida xabar berdi.
Qayd etilishicha, iyul oyida 38 kishi qatl etilgan. Shu bilan 2024 yilda qatl qilinganlar soni kamida 345 taga yetdi, ulardan 15 nafari ayollardir.
“Qatl etilganlar asosan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar yoki qotillik uchun sudlanganlar. 2024 yil boshidan beri qatl etilganlarning deyarli yarmi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan. Qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash xalqaro inson huquqlari me’yorlari va standartlariga to‘g‘ri kelmaydi, buni biz qayta-qayta ta’kidlagan edik”, degan tashkilot vakili Liz Trossell.
Tashkilotga ko‘ra, yuqoridagi holatlarning ko‘pchiligida tegishli tartib va adolatli sud me’yorlariga amal qilinmagan.
“Na mahkumning oilasi, na advokati xabardor qilinmagan holda bir necha kishi qatl qilingan”, deyilgan xabarda.
BMT, shuningdek, Eronga qatllarga qarshi moratoriy joriy etish orqali, oxir-oqibatda o‘lim jazosini bekor qilish maqsadida butun dunyo bo‘ylab kuchayib borayotgan konsensusga qo‘shilish vaqti kelganini eslatgan.
Amnesty International tashkilotining yillik hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab qatl qilishlar deyarli o‘n yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarilgan. 2023 yilda qatl etilganlar soni eng ko‘p bo‘lgan besh davlat Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Somali va AQSH bo‘ldi. Qatllarning 74 foizi Eronda, 15 foizi Saudiya Arabistonida qayd etilgan. Somali va AQSHda ham 2023 yilda qatl qilishlar soni oshdi. 2023 yilda dunyo bo‘ylab chiqarilgan o‘lim jazolari soni 20 foizga oshib, ularning umumiy soni 2428 taga yetgan. Beshta davlat – Belarus, Kamerun, Yaponiya, Marokash/G‘arbiy Sahara va Zimbabve – tanaffusdan so‘ng o‘lim jazosini qayta tiklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Karaj shahri markaziy qamoqxonasida bir sutkada 11 mahbus dorga osilgandi. Shuningdek, Eronda Isroil foydasiga josuslikda ayblangan to‘rt kishi qatl qilingani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi