Eronda hijob o‘rash dronlar bilan kuzatila boshlandi – OAV

Olam

image

Eron hijob o‘rash qoidalariga rioya qilinishini dronlar va videokuzatuv kameralari yordamida nazorat qilishni boshladi. Bu haqda “The Independent” nashri xabar berdi.

BMT tergovchilari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron hukumati hijob va odob-axloq qoidalariga rioya qilmagan shaxslarni aniqlash uchun yuqori texnologiyalarga tobora ko‘proq tayanmoqda.

2022 yilda mamlakat bo‘ylab Mahsa Aminining vafoti ortidan ommaviy norozilik namoyishlari avj olgan edi. U hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun qo‘lga olingan va guvohlarning ta’kidlashicha, politsiya bo‘limida kaltaklangan, oqibatda u vafot etgan. So‘nggi uch yil ichida esa ushbu qoidalar ustidan nazorat yanada kuchaytirildi.

Xabarlarga ko‘ra, Eron ayollari va qizlari hijobni majburiy o‘rash masalasida nafaqat amaliy, balki qonuniy jihatdan ham tizimli diskriminatsiyaga duch kelishda davom etmoqda. Bu ayniqsa, ularning kundalik hayotining barcha jabhalarida sezilmoqda. Masalan, Tehron Amir Kabir universitetida hijobsiz yurgan ayollarni aniqlash uchun yuzni tanib olish tizimi o‘rnatilgan. Taxminlarga ko‘ra, shahar ko‘chalaridagi kuzatuv kameralarida ham shunday dastur ishlatiladi.

Yangi choralar qatoriga ayollarni jamoat joylarida kuzatish uchun dronlardan foydalanish ham kiritilgan. Bundan tashqari, nazorat qilish vositalaridan yana biri – “Nazer” deb nomlangan maxsus ilova bo‘lib, u Eron politsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu ilova orqali fuqarolar transport vositalarida, jumladan metro, taksi va tez yordam mashinalarida kiyinish qoidalari buzilgan holatlar haqida xabar berishlari mumkin. Ilovada qoidabuzarlik sodir bo‘lgan joy, sana, vaqt va transport vositasining davlat raqami ko‘rsatilishi lozim. Shundan so‘ng, bu avtomobil maxsus onlayn bazada belgilab qo‘yiladi va politsiyaga avtomatik ravishda xabar yuboriladi. Avtomobil egasiga real vaqt rejimida qonun buzilishi haqida ogohlantirish keladi, agar bu talabga e’tibor berilmasa, transport vositasi musodara qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hukumati amaldagi qoidalarni buzgan holda jamoat joylarida hijob o‘ramaydigan ayollarga yordam berish uchun maxsus klinikalar ochish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron hijob

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing