Eron yadroviy hujumlardan so‘ng uranni boyitishni to‘xtatdi
Olam
−
17 noyabr 2025 2791 2 daqiqa
2025 yilning iyun oyida Isroil va AQSH Eronning yadroviy ob’ektlariga hujum qilgach, mamlakat uranni boyitmay qo‘ydi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga tayanib, “Iran International” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazir mamlakat uranni boyitish yoki yadroviy texnologiyalarga bo‘lgan huquqidan voz kechmasligini ta’kidlagan.
“Eron hududida hech qanday yashirin uran boyitish jarayoni yo‘q. Barcha ob’ektlarimiz Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan nazorat qilinadi. Hozir boyitish bo‘lmayapti, chunki boyitish inshootlarimizga hujum qilingan”, deydi u.
AQSH va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni qay tarzda tiklash mumkinligi haqidagi savolga Aroqchi quyidagicha javob bergan:
“Eronning uranni boyitish va tinch maqsaddagi yadroviy texnologiyadan foydalanish huquqi rad etilmaydi. Biz bu huquqdan hech qachon voz kechmaymiz”, deya ta’kidladi vazir.
Uning bu bayonotlari MAGATE boshqaruv kengashining ushbu haftadagi yig‘ilishidan oldin yangradi. Unda Eron bilan hamkorlik yo‘qligi bo‘yicha yangi rezolyutsiya ovozga qo‘yilishi mumkin. Yevropa davlatlari sentyabr oyida Eronga qarshi BMT sanksiyalarini qayta joriy etish choralarini ko‘rgandi.
Prezident Donald Tramp 2018 yilda AQSHni 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan chiqarib yuborganidan so‘ng, Eron uranni 60 foizgacha boyitib kelayotgan edi. Tehron doimo o‘z dasturining tinch maqsadlarda ekanini ta’kidlab keladi.
2025 yil boshida AQSH Eronga 60 kunlik ultimatum bilan muzokaralarni boshlagan edi. 61-kuni, ya’ni 13 iyunda Isroil kutilmagan harbiy operatsiya boshladi va 22 iyunda AQSH Isfahon, Natans va Fordodagi yadroviy ob’ektlarga zarbalar berdi.
“AQSH hukumatining hozirgi siyosati teng va adolatli muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatmayapti. Biz hozirgacha amerikaliklardan ko‘rgan narsa aslida o‘z talablarini majburan o‘tkazishga urinish bo‘ldi, mutlaqo maksimal va haddan tashqari talablar. Bunday talablar oldida biz muloqot uchun imkoniyat ko‘rmayapmiz”, deya qo‘shimcha qildi Aroqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tehron o‘zining yadroviy inshootlarini “katta kuch bilan” qayta tiklashi, biroq mamlakat yadroviy qurolga intilmasligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi