Eron va Ummon Hormuz bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
14:11 844 2 daqiqa
Eron va Ummon ikki sohilbo‘yi davlati sifatida qariyb uch oydan beri xavfsiz dengiz yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha jadal muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Eron Islom Respublikasi TIV rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy ma’lum qildi.
“AQSH tomonidan to‘sqinliklar bo‘lishiga qaramay, ushbu muzokaralar oxirgi uch haftada ijobiy va istiqbolli ilgarilashga erishdi, dengiz yo‘nalishlari xaritasi bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deydi u.
Shuningdek, Bag‘oiy qolgan bir qator masalalar, jumladan, Tehron va Maskat chiqarishi kerak bo‘lgan qo‘shma bayonot bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eron TIV vakili Eron – Ummon kelishuvi ikkala mamlakat suverenitetini saqlab qolgan holda Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlashga qaratilgan ikki sohilbo‘yi davlati o‘rtasidagi mustaqil bitim ekanini ta’kidlagan.
Ismoil Bag‘oiy Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni va savdo kemalarining normal o‘tishini to‘liq tiklash jarayoni AQSH tomonidan joriy etilgan “noqonuniy harakatlar, aralashuvlar, tahdidlar va harbiy-dengiz blokadasining to‘xtatilishiga, shuningdek, oxirgi ikki oy davomida sodir bo‘lgan majburiyatlar buzilishi uchun kompensatsiya to‘lanishiga” bog‘liqligini urg‘ulagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp nizoni hal qilish bo‘yicha kutilayotgan bitim sababli Eronga hujumlarni bekor qilganini bayon etgan edi. Bu bitim konturlari Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi va yadro dasturi bo‘yicha kelishuvlarni o‘z ichiga oladi. Biroq Tehron va Vashington hanuzgacha konsensusga kela olishmayapti. Ikkala tomondan ham tahdidlar va ogohlantirishlar yangramoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi Eronga qarshi operatsiya yakunlangach, AQSH hududi deb e’lon qilinadi, degan edi ilgariroq Oq uy rahbari. Bunga javoban EIR TIV Hormuz bo‘g‘ozini na tvit, na avianosets, na farmon va na saylovoldi nutqi bilan o‘zlashtirib bo‘lmasligini aytib raddiya berdi.
Live
Barchasi