Aqsh urushga qo‘shiladimi?

Tahlil

Yaqin Sharqda keskinlik soat sayin oshmoqda. Mintaqa yana bir yirik eskalatsiya yoqasida turibdi. O‘tayotgan har kun Eron va Isroil urushidagi qizil chiziqlarni birma-bir tugatib bormoqda. Tramp barcha zudlik bilan Tehrondan evakuatsiya qilinishi kerakligini aytdi. Netanyaxu esa Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi ikki o‘rtadagi urushni tugatadi, deya ta’kidladi. “Iran International” manbalariga ko‘ra, Xomanaiy Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan bir necha soat o‘tib Tehron shimoli-sharqidagi yerosti bunkeridan panoh topgan bo‘lishi mumkin. Nashrning qayd etishicha, Isroilga qarshi oldingi amaliyotlar chog‘ida, ya’ni 2024 yilning aprel va oktyabr oylarida ham Xomanaiy aynan shu bunkerda bo‘lgan.

Trampning so‘nggi harakatlari esa xavotirlarni yanada ko‘paytirmoqda. U 16 iyun kuni Kanadada o‘tayotgan G7 sammitida Rossiyani bu klubdan chiqarib yuborilganini tanqid qilib, muddatidan oldin ortga qaytdi. Oq uy esa uning bu qarorini Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy tus olgani bilan izohladi. “Katta yettilik” (G7) davlatlari esa Isroilni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi hamda uning raqibi Eronni Yaqin Sharqdagi beqarorlik manbai sifatida ta’rifladi. Tramp esa Truth Social’dagi sahifasida “Eron u taklif qilgan bitimni imzolashi kerakligi, ayni damda esa barcha zudlik bilan Tehronni tark etishi lozimligi” haqida yozib, mojaroning yanada kuchayishiga ishora qildi.

“Eron men ularga imzolashni aytgan “bitim”ni imzolashi kerak edi. Bu sharmandalik va inson hayotining bekorga sarflanishidir. Oddiy qilib aytganda, Eron yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi. Buni qayta-qayta aytib keldim! Barcha zudlik bilan Tehrondan evakuatsiya qilinishi kerak!” deb yozdi Tramp.

“Fox News” AQSH rahbari Yaqin Sharqda yuzaga kelgan vaziyat tufayli Milliy xavfsizlik kengashi a’zolaridan Oq uydagi maxsus vaziyatlar xonasida to‘liq tarkibda yig‘ilishini so‘ragani haqida xabar berdi. Biroz o‘tib, Pentagon rahbari Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kuchlar AQSH Qurolli kuchlarini himoya qilish maqsadida yuboriladi. Pentagon rahbari ushbu harakat mintaqadagi mudofaa pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Bu tomonda AQSHning arzandasi ham mojaroga kerosin sepib, ABC News telekanaliga bergan intervyusida Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilsa, bu Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatga barham beradi degan fikrni ilgari surdi.

“Bizda bu rejim tomonidan yoyilgan yarim asrlik mojaro bor, u Yaqin Sharqdagi hammani dahshatga soladi. U Saudiya Arabistonidagi Aramco neft konlarini bombardimon qildi, hamma joyda terror, qo‘poruvchilik va sabotajni tarqatdi. Eron “abadiy urush” istaydi, bu bizni yadro urushi yoqasiga olib keladi. Aslida, Isroil buning oldini oladi, bu tajovuzga chek qo‘yadi va biz buni faqat yovuz kuchlarga qarshi turish orqali qila olamiz”, degan Netanyaxu.

Isroilning “aqldan ozgan” Mudofaa vaziri Kats esa Xomanaiyni Saddam Husaynnikiga o‘xshash taqdir kutayotgani bilan qo‘rqitdi.

“Men Eron diktatoridan urush jinoyatlarini davom ettirishni va Isroil fuqarolarini o‘qqa tutishni to‘xtatishni so‘rab, ogohlantiraman. U xuddi shu ishni qilgan Iroq rahbarini eslashi kerak”, degan Isroil Kats.

Urushning 4-kuni: Jasoratli ayol va eronlik hakerlar

Bu orada Eron va Isroil urushining 4-kuni ham havo hujumlari va yong‘inlar, yo‘qotishlar va vayronalar bilan o‘tayotgan edi. Eng qizig‘i, har kuni deyarli bir xil ssenariy. Kunning ikkinchi qismida tushdan keyin Isroil Eronga hujum boshlaydi, kechga borib esa Eron bu uchun Isroilga qasos zarbalari yo‘llab, ushbu amaliyotni yarim tunga qadar davom ettiradi. Kunduzi yo‘llanadigan ba’zi zarbalar esa bundan mustasno. 16 iyun va 17 iyunga o‘tar kechasi ikki o‘rtadagi qarama-qarshilikda eng ko‘zga ko‘ringan voqeliklar esa quyidagilardan iborat bo‘ldi. Dastlab odatdagidek birinchi bo‘lib Isroil Eronga hujum qildi.

Eron davlat telekanalining tahririyati joylashgan binoga zarba berildi. Jonli efirni olib borayotgan mamlakatning eng mashhur teleboshlovchilaridan biri Sahar Imomiy portlashdan so‘ng, studiyani tark etdi. Ko‘p o‘tmay kadr kul bilan qoplandi va eshittirish bir necha soniyaga to‘xtatildi. Ammo ko‘p o‘tmay, Imomiy studiyaga qaytdi va efirni davom ettirdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, oldinroq Isroil Eron poytaxtining telekanal tahririyati joylashgan tumaniga zarba berilishi haqida rasmiy ogohlantirgan va tuman aholisini zudlik bilan u yerni tark etishga chaqirgan. Ammo tahririyat a’zolari buni rad etib, ishni davom ettirgan. Shuningdek, SAXAL kuchlari shu kungi hujumlarda Eronning yangi bosh shtab boshlig‘i, mazkur lavozimga 3 kun oldin vafot etgan Muhammad Bag‘iriy o‘rniga tayinlangan Ali Shodmoniy o‘ldirilganini e’lon qildi. Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, Ali Shodmoniy Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning eng yaqin hamkorlaridan biridir. Ammo Eron bu ma’lumotni hali tasdiqlamadi.

Shu o‘rinda Eron mudofaasi ham Isroilning F-35 samolyotini urib tushirish bilan havo mudofaasi hali uyg‘oq ekanini isbotladi. Ammo urushning 4-kunida Eron tomonidan qilingan hakerlik hujumlari bu mojaroda yana bir burilish bo‘ldi. Eronlik hakerlar Isroil televideniyesiga kiberhujum uyushtirib, ko‘plab kanallarni signaldan mahrum qilgani aytildi. Shuningdek, so‘nggi kunlarda Eronning sevimli nishoniga aylangan Hayfaga yana raketa hujumi uyushtirildi. Shahardagi ayanchli manzaralarni rasmga tushirish, bu yerdagi jurnalistik faoliyat butkul to‘xtatilgani aytilmoqda. Hatto ba’zi manbalar Eron zarbalaridan keyingi vayronalarni tasvirga olgan fuqarolar hibsga olinayotgani haqida xabar berdi. Raketa hujumlarini jonli translyatsiya qilib kelayotgan You Tube kanallar esa bloklanayotgani aytilmoqda. Chunki ortda qolgan 4 kun davomida Eronning Isroilga yo‘llagan halokatli zarbalari oqibatida yahudiy davlatidagi shaharlarning ko‘plab nuqtalari G‘azo tusiga kirganiga butun dunyo guvoh bo‘ldi. Isroil rasmiy doiralarining bunday cheklovlari esa aholining vahimaga tushmasligi uchun qilinmoqda. Ba’zi nashrlar isroilliklar yaxtalar orqali Kiprga qochayotgani haqida xabar bermoqda.

Isroil to‘xtamaydi – Tramp

Tramp Kanadadagi G7 sammitidan qaytayotganda Isroilning Eronga hujumlari to‘xtamasligini ma’lum qildi. U Yaqin Sharqdagi vaziyatni Oq uydagi favqulodda vaziyatlar xonasidan kuzatib borishini qayd etdi. Tramp voqealar rivoji qanday yakun topishini “keyingi ikki kun ichida aniq bo‘lishi, ammo hozircha hech kim tezlikni pasaytirmayotganini”, ta’kidladi. U odamlar xavfsizligi, jumladan, Tehronning evakuatsiya qilinishidan xavotirda ekanini qo‘shimcha qildi. Shimoliy Koreya yoki Rossiyadan Eronga yordam belgilari bormi, degan savolga esa Tramp “men bunday narsani ko‘rmaganman” deb javob qaytardi.

Shuningdek, Tramp Eron bilan muzokaralar olib borish uchun AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff yoki vitse-prezident Jeyms Devid Vens yuborilishi mumkinligini ham istisno qilmadi. Prezident, shuningdek, Eron Amerika harbiylariga tegsa, AQSH unga “qattiq javob” berishini aytdi. Bundan tashqari, Donald Tramp Eron yadro qurolidan voz kechishi uchun mojaroga AQSHning aralashuvi kerak bo‘lmasligi va bu masala undan ancha hal qilinishiga ishonch bildirdi. Bundan kelib chiqadiki, Tramp Isroil qo‘li bilan Eronni yon berishga majburlayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki aynan shu mojaro Eronni yadro qurolidan voz kechish yoki urushni davom ettirish kabi qiyin dilemma qarshisida qoldirdi. Biroq fors qonunchilari yadro masalasida baribir bo‘yin egmaslik yo‘lidan ketmoqchi ekani haqida xabarlar bor. Ular yadroni tarqatmaslik to‘g‘risidagi 1970 yilda Eron tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomadan chiqish bo‘yicha harakatlarni boshlashi mumkinligi aytilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing