Eron va AQSH vakillari yana muzokaralar stoliga o‘tiradi
Olam
−
24 fevral 3587 1 daqiqa
Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi 26 fevral kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 22 fevral kuni Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Vazir e’lon qilgan bayonotda AQSH va Eron o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar kelishuvni yakunlash yo‘lida navbatdagi muhim qadamni qo‘yish uchun ijobiy istiqbollar mavjudligini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar vositachilar orqali olib borilmoqda. Muzokaralarning birinchi bosqichi joriy yilning 6 fevral kuni Ummon poytaxtida bo‘lib o‘tgan edi. Ikkinchi bosqich esa 17 fevral kuni Jenevada o‘tkazilgan.
Ummon an’anaviy ravishda Tehron va Vashington o‘rtasidagi diplomatik muloqotda vositachi sifatida ishtirok etib keladi. Tomonlar Eronning yadroviy dasturi, sanksiyalar masalasi hamda mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilayotgani aytilmoqda.
Uchinchi bosqich muzokaralari tomonlar o‘rtasida ehtimoliy kelishuvga erishish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jenevada o‘tgan muzokaralarda Eron va AQSH yadroviy masala bo‘yicha umumiy kelishuvga erishgani xabar qilingandi. Biroq, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi hali yakuniy bitim imzolanmaganini qayd etgan.