Eron Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan qismlarini tan olmaydi - TIV
Olam
−
19 iyul 2023
8194Eron Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlarini tan olmaydi va barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon Tehrondagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Biz har bir davlatning, shu jumladan, Ukrainaning ham hududiy yaxlitligiga ishonamiz, bu xalqaro huquq asosida barcha mamlakatlar uchun ustuvor bo‘lishi kerak”, deydi u.
Vazir, shuningdek, mojaro siyosiy muloqot orqali to‘xtatilishi zarurligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, rasmiy Tehron Moskvaning Eron hududiy yaxlitligi masalalariga aralashuvini nomaqbul deb atadi. Eronlik diplomat bu orqali yaqinda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashida yuzaga kelgan diplomatik mojaroga ishora qilgan. O‘shanda rossiyalik diplomatlar Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Eron o‘ziniki deb hisoblovchi, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari ham da’vo qiladigan uchta orol masalasida muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan edi.
Bunga javoban, Rossiyaning Tehrondagi elchisi Aleksey Dedov Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan va unga norozilik bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Fors ko‘rfazida joylashgan Abu Muso, Katta Tonb va Kichik Tonb orollari Eron harbiylari tomonidan 1971 yilda nazoratga olingan. Buyuk Britaniya orollardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng, Birlashgan Arab Amirliklari tashkil topgan. Biroq yuqoridagi uch orolni tarixan o‘ziniki deb hisoblagan Eron ularni qaytarib olishga qaror qilgan. Shu yili noyabr oyida, BAA mustaqilligi e’lon qilinishidan ikki kun oldin Eron orollarni nazoratga olish uchun o‘z flotini yuborgan. Mazkur orollarda hali ham Eron harbiylari mavjud bo‘lib, birgina Abu Muso orolining o‘zida minglab harbiy xizmatchilar joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron va Rossiya o‘rtasida so‘nggi paytlarda bir necha bor shunday diplomatik va siyosiy mojarolar kelib chiqmoqda. Xususan, yaqinda, 24 iyun kuni Yevgeniy Prigojin isyon ko‘targanida Eron tomoni Putinga ushbu muammo Rossiyaning ichki ishi ekani, bu orqali unga yordam bermasligini diplomatik yo‘l bilan yetkazgandi. Keyinroq esa Eron Rossiya Su-35 samolyotlarini yetkazib berishni paysalga solgani uchun norozilik bildirdi.
LiveBarchasi