Eron “Tolibon”ga G‘ani hukumatining harbiy texnika va qurollarini qaytardi

Olam

image

2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Ashraf G‘ani boshliq hukumat qulagan paytda Eronga o‘tib ketgan harbiy texnika va o‘q-dorilar partiyasi Afg‘onistonga qaytarildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7 iyundan 8 iyunga o‘tar kechasi avtomobillar, harbiy texnika, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ortilgan yuk mashinalar Islom-Qal’a nazorat-o‘tkazish punkti orqali Erondan Afg‘oniston hududiga yo‘l olgan. 

Qaytarilgan barcha mulk Qandahor viloyatidagi mahalliy hokimiyatlarga topshirilgan. 

Bu Eron Afg‘onistonning sobiq hukumati chetlatilganidan so‘ng Afg‘onistonga qaytargan birinchi mashina va harbiy texnika partiyasidir.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Afg‘onistonning avvalgi hukumatini qo‘llab-quvvatlagan bir qator harbiy xizmatchilar va amaldorlar o‘zlari bilan xizmat mashinalari hamda qurollarini olib, Eron hududiga ko‘chib o‘tgan.

Shuningdek, bu davrda O‘zbekiston va Tojikistonga 10 ga yaqin vertolyot olib ketilgan, biroq “Tolibon” talabiga qaramay, ular Afg‘oniston tomoniga qaytarilmagan.

Xususan, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev mamlakat Afg‘onistonning avvalgi hukumati qulashi arafasida afg‘on uchuvchilari qochayotganda mamlakatga olib o‘tgan samolyot va vertolyotlarni “Tolibon” tuzgan hukumatga qaytarmoqchi emasligini ma’lum qilgan. Rasmiy Toshkent vertolyotlar afg‘on hukumatining emas, AQSHning mulki ekanini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon texnika

Baholaganlar

235

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing