Eron Tashqi ishlar vaziri Ummonda husiylar vakili bilan uchrashdi
Olam
−
08 aprel
4441Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Ummonga tashrifi chog‘ida Yamandagi husiylarning rasmiy vakili Muhammad Abdul Salom bilan uchrashdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, Abdullohiyon 2023 yil noyabridan beri Isroil bilan qarama-qarshilikda HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi tijorat kemalariga hujum qilgan husiylarning harakatlarini “yuqori baholagan”.
Eron diplomatiyasi rahbari Britaniya va AQSHning Yaman hududidagi husiy nishonlariga bergan zarbalarini qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koalitsiya kuchlarining harakatlari “Yaman suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadi hamda sionistik rejimning mazlum Falastin xalqiga qarshi davom etayotgan jinoyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”.
Bundan tashqari, tomonlar yaqinda Isroilning Suriya poytaxtidagi Eron konsulligi binosiga uyushtirgan hujumida Islom inqilobi posbonlari korpusining yetti nafar zobiti halok bo‘lganini muhokama qildi. Eron Tashqi ishlar vaziri husiylar vakili bilan uchrashuvda Isroilning zarbasini “Amerika samolyotlari va raketalaridan foydalanilgan terakt” deb atadi.
“Biz Maskatda Eron Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdik va Isroilning xoin tajovuzi qurbonlari uchun hamdardlik bildirdik, shuningdek, javob berish huquqiga ega bo‘lgan Eronni va dushmanni tiyish uchun zarur choralarni qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdik”, deb yozadi Abdul Salom o‘zining X’dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, husiylar 2023 yilning noyabr oyidan beri Qizil dengizdagi G‘arb savdo kemalariga dronlar va raketalar bilan hujum qilib kelmoqda. Guruh o‘z harakatlarini Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum qilishga va’da berdi. Ayni paytda nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiylarning nishoniga aylanmoqda.
LiveBarchasi