Eron sobiq prezidenti Ahmadinajod saylovda qatnashishini ma’lum qildi

Olam

image

Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod mamlakatda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda IRIB xabar berdi.

Siyosatchi 2005-2013 yillarda Eron prezidenti lavozimida ishlagan. 2017 va 2021 yillardagi saylovlarda Ahmadinajod nomzodi Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi tomonidan rad etilgan.

Agar bu gal uning nomzodi tasdiqlansa, Mahmud Ahmadinajod prezidentlik uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylanadi.

Hujjatlarni topshirgandan keyin o‘tkazilgan brifingda Ahmadinajod qashshoqlikka qarshi kurash va aholi farovonligini oshirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb atadi.

“Men mamlakatdagi barcha muammolarni xalqning fikrini hisobga olgan holda va dunyo bilan konstruktiv hamkorlik natijasida hal qilish mumkinligiga ishonaman”, degan u.

Eronda muddatidan oldin saylovlar prezident Ibrohim Raisiy 19 may kuni aviahalokatda vafot etganidan so‘ng tayinlangan edi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 may kuni boshlangan va 3 iyunga qadar davom etadi. 4 iyundan boshlab Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi nomzodlarni bir hafta davomida ko‘rib chiqib, nomzodning mamlakat prezidenti lavozimiga mos kelishini aniqlaydi. Yakuniy ro‘yxat 11 iyun kuni e’lon qilinadi.

Saylovoldi tashviqoti ikki hafta davomida – 12 iyundan 26 iyungacha davom etadi. Saylovga bir kun qolganida “jimlik kuni” e’lon qilinadi, bu vaqtda saylovoldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi. Prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq sobiq deputat Zohre Elaxian prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi ayol bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Prezidentlik saylovlari Mahmud Ahmadinajod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing