Eron SHHT davlatlarini dollardan voz kechishga chaqirdi

Olam

image

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy G‘arb ta’siridan chiqib ketish uchun AQSH dollaridan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 4 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashi sammiti chog‘ida ma’lum qildi.

“G‘arbning gegemonligiga AQSH dollarining gegemonligi yordam beradi. Yangi iqtisodiy tizim yaratish uchun undan voz kechib, davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish kerak”, degan Raisiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat mintaqada transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida. Shuningdek, Eron rahbari SHHTga a’zolik respublikaga iqtisodiy rivojlanish imkoniyatini berishini qo‘shimcha qilgan.

Bundan tashqari, Raisiy SHHTga qabul qilingani uchun Eron hukumati va xalqi nomidan tashkilotga minnatdorlik bildirgan.

“Biz Hindiston Bosh vazirining samimiy so‘zlari va ushbu sammitga mezbonlik qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. Fursatdan foydalanib, Eron Islom Respublikasini SHHTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilgani uchun Eron hukumati va xalqi nomidan o‘z minnatdorligimizni bildiraman”, degan Raisiy.

O‘z navbatida, Xitoy Raisi Si Szinpin sammit davomida “sovuq urush”ni qo‘zg‘atishga urinishlarga, shuningdek, gegemonizm va kuch siyosatiga qarshi turish zarurligi haqida gapirgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa o‘z nutqi chog‘ida rahbarlari sammitda ishtirok etayotgan davlatlar bilan aloqalarni yanada chuqurlashtirish niyatida ekanini bildirgan. U SHHT xalqaro huquqqa asoslangan jahon tartibini shakllantirish tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur sammit ishtirokchilari Eronning SHHTga a’zoligini rasman tasdiqlagan, Shanxaydagi tashkilot kotibiyatida Eron bayrog‘i ko‘tarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

dollar Eron ShHT Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing