Eron razvedkasi 28 mamlakatda “Mossad” josuslari aniqlanganini e’lon qildi

Olam

image

Eron Razvedka vazirligi 28 mamlakatda Isroil razvedka xizmati “Mossad” agentlari aniqlanganini e’lon qildi. Bu haqda vazirlik saytida e’lon qilingan hujjatda so‘z boradi.

“Isroil rejimining josuslik tashkilotlariga qarshi eng yirik ko‘p bosqichli razvedka va kontrrazvedka operatsiyasi natijasida ular haqida noyob va misli ko‘rilmagan ma’lumotlar olindi va ulardan darhol foydalanila boshlandi”, deyiladi hujjatda. 

Bildirilishicha, olingan ma’lumotlar tufayli 28 mamlakatda “Mossad” bilan aloqador o‘nlab agentlar aniqlangan. Shuningdek, vazirlik Isroildagi maxfiy harbiy ob’ektlar, qurol zavodlari va strategik fuqarolik infratuzilmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olganini da’vo qilmoqda.

Bayonotda qayd etilishicha, Eron poytaxti va mamlakatning bir qancha viloyatlarida bir qator josuslar aniqlangan. Ularning barchasi allaqachon sudga tortilgan yoki Eron razvedka xizmatlari tomonidan nazoratga olingan. Eron fuqaroligiga ega bo‘lgan va xorijda yashovchi Isroil agentlari masalasi esa Razvedka vazirligi va tegishli mamlakatlar razvedka xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik darajasiga qarab hal qilinishi bildirilgan. 

“Eron razvedka ma’lumotlari almashayotgan barcha mamlakatlar o‘z hududida faoliyat yuritayotgan agentlar to‘g‘risida identifikatson ma’lumotlari bilan ta’minlangan va bu davlatlarning xavfsizlik xizmatlari allaqachon zarur choralarni ko‘rgan”, deyiladi xabarda.

Hujjatda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil razvedka xizmatlari odamlar haqida kerakli ma’lumotlarni to‘plash va ularni “Mossad” bilan hamkorlikka jalb qilish uchun kibermakon, ijtimoiy tarmoqlar va rekruting saytlaridan faol foydalanadi. Razvedka vazirligi Isroil agentlari qaysi mamlakatlarda aniqlangani va ularning aniq sonini ochiqlamadi va buni tergov davom etayotgani bilan tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Eronda Isroil foydasiga josuslik qilish va respublika milliy xavfsizligiga putur yetkazish maqsadida terrorchilik guruhi tuzishda ayblangan to‘rt kishi qatl etilgandi. “Mehr” agentligi xabariga ko‘ra, ular “Mossad” tomonidan yollangan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil josus Mossad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing