Eron prezidentligiga nomzod sifatida birinchi ayol ro‘yxatdan o‘tkazildi

Olam

image

Eronlik sobiq deputat Zohre Elaxian prezident Ibrohim Raisiy samolyot halokatida vafot etganidan so‘ng belgilangan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi ayol bo‘ldi. Bu haqda "Mehr" agentligi xabar berdi.

“Islomiy Eron ustida umid quyoshi chiqadi. Men o‘z mamlakatim ayollar jamiyati vakili sifatida saylov shtabiga hujjatlarni topshiraman”, deb yozadi Elaxian X'dagi sahifasida.

3 kun ichida prezidentlik poygasida ishtirok etish uchun 17 kishi hujjat topshirdi. Ular orasida parlamentning sobiq rahbari Ali Larijoniy, Markaziy bank sobiq rahbari Abdul Nosir Xemmatiy, Islom inqilobi gvardiyasi korpusining sobiq qo‘mondoni general Vohid Xagganyan, Tehron meri Alirizo Zakaniy va Eronning ruhiy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning Milliy xavfsizlik Oliy Kengashidagi vakili Said Jaliliy bor.

Eron parlamentining amaldagi olti nafar a’zosi (Muhammad Sabag‘iyyan, Abbos Mo‘g‘tadaiy, Mas’ud Pezeshkiyan, Ahmad Rasulinejod, Habibulloh Dehmarde va Fadahusayn Malekiy) hamda besh nafar sobiq a’zosi (Mustafo Kavakbiyan, Godrat Ali Hoshemtiyon, Mahmud Ahmadi Biga, Muhammad Xoshchehre va Muhammad Rizo Mirtoj ol-Dini) ham o‘z nomzodini qo‘yish istagini bildirgan.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 may kuni boshlangan va 3 iyunga qadar davom etadi. 4 iyundan boshlab Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi nomzodlarni bir hafta davomida ko‘rib chiqib, nomzodning mamlakat prezidenti lavozimiga mos kelishini aniqlaydi. Yakuniy ro‘yxat 11 iyun kuni e’lon qilinadi.

Saylovoldi tashviqoti ikki hafta davomida – 12 iyundan 26 iyungacha davom etadi. Saylovga bir kun qolganida “jimlik kuni” e’lon qilinadi, bu vaqtda saylovoldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi. Prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, 31 may kuni Eron saylov shtabi vakili Muhsin Islomiy uch nafar ayol “shartlarga javob bermagani” uchun ro‘yxatdan o‘tkazilmaganini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Prezidentlik saylovlari Zohre Elaxian

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing