Eron Prezidenti “qora shahzoda” bilan Isroil-Falastin mojarosini muhokama qildi
Olam
−
12 Oktabr 2023
11641Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Eron Prezidenti ma’muriyati vakili Muhammad Jamshidiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro hududidagi vaziyatni muhokama qilgan.
“45 daqiqa davom etgan muzokaralar chog‘ida suhbatdoshlar falastinliklarga qarshi urush jinoyatlariga barham berish zarurligi haqida fikr almashdi”, deydi Jamshidiy.
Suhbat davomida Ibrohim Raisiy mojaroning kuchayishiga Isroil hukumati tomonidan falastinliklarga nisbatan muntazam ravishda zulm va diskriminatsiya qilinayotgani sabab bo‘lganini aytgan.
“So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatdiki, falastinliklarning huquqlarini hisobga olmasdan turib bildirilayotgan har qanday tashabbus muammoni hal qila olmaydi. Eron va Saudiya Arabistoni hozirgi nozik davrda asosiy davlatlar sifatida mazlum musulmon Falastinni qo‘llab-quvvatlashi kerak”, degan Eron Prezidenti.
Raisiy Saudiya Arabistonini “Isroilning falastinliklarga qarshi jinoyatlarini tezda tugatish” uchun hamkorlik qilishga chaqirgan.
“Eron va Saudiya Arabistoni falastinliklarning qonuniy huquqlarini ta’minlash va sionistik rejimning tajovuzi va jinoyatlariga barham berishga hissa qo‘shishi mumkin”, degan Eron Prezidenti.
O‘z navbatida Muhammad bin Salmon G‘azo sektoridagi voqealarni “og‘riqli va xavfli” deb atagan. Uning fikricha, mavjud vaziyat butun dunyoda beqarorlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
“Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi hamkorlik to‘qnashuvlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishga va Falastin masalasini adolatli hal qilishga yordam beradi”, deydi Saudiya valiahd shahzodasi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi