Eron portlatilgan Ukraina samolyoti qurbonlari uchun qancha tovon to‘lashini ma’lum qildi

Olam

image

Eron Ukrainaning Boeing 737-800 camolyoti urib tushirilishi natijasida halok bo‘lganlarning oilalariga tovon to‘lashga tayyor. Bu haqda bugun, 30 dekabr kuni Eronning “YJC” axborot agentligi xabar bermoqda.

“Bugungi yig‘ilish chog‘ida hukumat aviahalokat qurbonlarining oilalari va qarindoshlariga har bir jabrlanuvchi uchun 150 ming AQSH dollari miqdorida yoki unga teng keladigan summani yevroda to‘lashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qildi”,  deyiladi agentlik xabarida.

O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Eronning yuqoridagi qaroriga munosabat bildirishga ham ulgurdi. Jumladan, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko Tehron osmonida Ukrainaning Boeing 737-800 samolyoti urib tushirilishida halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli miqdori xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda, tomonlar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan belgilanishi kerakligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida, “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviakompaniyasining Kiyevga uchayotgan yo‘lovchi tashuvchi Boeing 737-800 samolyoti 8 yanvar kuni erta tongda Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay qulab tushgandi. Hodisa natijasida samolyotning bortida bo‘lgan 176 kishidan hech kim omon qolmagandi. Ular orasida Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘oniston fuqarolari bor edi.

11 yanvar kuni Eron harbiylari Ukraina samolyoti harbiy ob’ekt yaqinidan uchib o‘tgan vaqtda dushman havo kemasi deb o‘ylab, tasodifan urib tushirganini tan olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ukraina samolyoti tovon

Baholaganlar

330

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing