Eron parlamenti MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatishni ma’qulladi

Olam

image

Eron parlamenti mamlakatning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorligini to‘xtatishga doir qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda parlament raisi o‘rinbosari Alirizo Salimiy ISNA’ga ma’lum qildi. 

“Eronning MAGATE bilan hamkorligini to‘xtatishga oid loyiha umumiy qoidalari va tafsilotlari parlament tomonidan tasdiqlandi”, deydi u.

Qonun loyihasiga ko‘ra, MAGATE xodimlari bundan buyon Eron yadroviy inshootlaridagi xavfsizlikni tekshirish va ushbu sohadagi tinch maqsadli faoliyatni nazorat qilish uchun faqat mamlakatning Milliy xavfsizlik bo‘yicha oliy kengashi roziligi bilan Eron hududiga kirish huquqiga ega bo‘ladi. 

Bungacha MAGATE bosh direktori Rafael Grossi tashkilot inspektorlarining Erondagi tekshiruvlarini imkon qadar tezroq tiklashga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSH tomonidan hujum qilingan ob’ektdan 60 foizgacha boyitilgan uranni chiqargan yoki chiqarmagani masalasini aniqlashtirishga yordam beradi.

Qayd etish joiz, Isroil Eronni yadroviy tahdidda ayblab, 13 iyun tongida birinchi zarbani bergan edi. Oradan 17 soat o‘tib Eron javob zarbasini yo‘lladi va shundan so‘ng tomonlar raketa hujumlarini davom ettirdi. 22 iyun kechasi AQSH Isroilga yordam sifatida Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. 23 iyun oqshomida AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil to‘liq va har tomonlama o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi.

Keyinroq esa Isroil tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilganidan keyin ham Eron hududidan yangi raketa otish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi. Isroil harbiylari bu hujumlarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Isroil bilan urushi fonida Eron parlamenti Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qilishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron MAGATE Xalqaro atom energiyasi agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing