Eron olov ichida: 2 shahar namoyishchilar qo‘liga o‘tgani aytilmoqda (video)
Olam
−
07 yanvar 10864 3 daqiqa
Eronda rialning qadrsizlanishi va sanksiyalar fonida deyarli 50 foizga yetgan inflyatsiya bilan bog‘liq norozilik namoyishlari avj oldi. Namoyishchilar Malikshohi va Obidanon shaharlarini egallab olganini da’vo qilmoqda. Xususan, 6 yanvardan bugun, 7 yanvarga o‘tar kechasi Eronning Iroq bilan chegaraga yaqin joylashgan Obidanon shahri (Ilom viloyati) namoyishchilar tomonidan to‘liq nazoratga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Shahar amalda “egallab olingani” haqida Eron Milliy qarshilik kengashi (EMQK) ma’lum qilgan.
“Bugun Eron g‘arbida joylashgan ikki shaharda muhim voqea yuz berdi: ular amalda namoyishchilar nazoratiga o‘tdi va odamlar ko‘chalarda bayram qilmoqda”, deydi “Fox News”ga bergan intervyusida EMQK tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi a’zosi Ali Safaviy.
Eron Milliy Inson huquqlari kengashi prezidenti Maryam Rajaviy ham X ijtimoiy tarmog‘ida post e’lon qilib, “rejim kuch tuzilmalarini chekinishga majbur qilgan” Malikshohi va Obidanondagi namoyishchilarga minnatdorlik bildirgan.
Biroq keyinroq, Eronning “Tasnim” va “Mehr” axborot agentliklari G‘arb OAVlarida tarqalgan Malikshohi okrugi va Obidanon shahri namoyishchilar tomonidan egallab olingani haqidagi xabarlarni rad etdi.
“Malikshohida bir necha soat davom etgan keskin vaziyatdan va qurollangan shaxslar bilan to‘qnashuv chog‘ida xavfsizlik xodimining halok bo‘lganidan so‘ng, hozirda ushbu okrugda xavfsizlik kuchlari mavjudligi sababli vaziyat to‘liq barqarorlashdi”, deyiladi “Tasnim” xabarida.
CNN tahlilchilarining qayd etishicha, ichki tartibsizliklar va ko‘plab inqirozlardan aziyat chekayotgan Eron rahbariyati endilikda AQSH tomonidan harbiy harakatlar qayta boshlanishi ehtimoli bilan ham yuzlashmoqda. Bu holat o‘tgan yozda Eron yadroviy ob’ektlariga zarbalar berilgani ortidan kuchaygan. Mazkur keskinlashuv AQSH Prezidenti Donald Trampning ishonchi ortgani, shuningdek Venesueladagi hujumdan so‘ng boshqa raqiblarga nisbatan ham tahdidlar qilgani bilan bog‘lanmoqda.
Rialning qadrsizlanishi, sanksiyalar va Isroil bilan urush oqibatlari fonida qariyb 50 foizga yetgan inflyatsiya sabab boshlangan noroziliklar Erondagi o‘nlab shaharlarni qamrab oldi. Bu voqealar sabab o‘nlab odamlar halok bo‘ldi va mingdan ortiq shaxsning hibsga olindi. Hokimiyat ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanmoqda, internetni cheklamoqda va yashash minimumi taxminan 266 dollar bo‘lgan sharoitda 7 dollarlik ramziy nafaqa taklif qilmoqda.
AQSH Prezidenti Donald Tramp boshqa mamlakatlarda namoyishlar shafqatsiz bostirilgan taqdirda harbiy kuch qo‘llashga tayyor ekanini bildirdi. Bu bayonot Tehronda keskin munosabatga sabab bo‘lib, u yerda uni “beparvo va mas’uliyatsiz” deb atashdi. Eron rasmiylari keskin javob bilan tahdid qilib, G‘arbni mamlakat iqtisodiyotini beqarorlashtirishga urinishda aybladi. Siyosatshunoslar vaziyat nazoratdan chiqib ketishi va Venesuela ssenariysi bo‘yicha rivojlanishidan xavotir bildirmoqda. Shu bilan birga, agar noroziliklarni bostirish muvaffaqiyatsiz tugasa, Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni Moskvaga evakuatsiya qilish rejalari borligi haqidagi xabarlar ham paydo bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li – Rizo Pahlaviy butun mamlakat aholisini 8 va 9 yanvar soat 20:00 da bir vaqtning o‘zida namoyishga chiqishga chaqirgani haqida xabar berilgan edi.