Eron oliy rahbarining jiyani hibsga olindi
Olam
−
28 noyabr 2022
8358Eron oliy rahbarining jiyani va Islomiy respublikaning ochiq tanqidchisi Farida Murodxoniy mamlakatda davom etayotgan rejimga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi va xalqaro hamjamiyatni eronlik namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda “Al Arabiya” nashri xabar berdi.
Eronning hozirgi oliy rahbari Ali Xomanaiyning singlisi Badri Xomanaiyning qizi bo‘lgan Murodxoniy Eron Islom Respublikasini “qotil va bolalarni o‘ldiruvchi rejim”, deb ta’rifladi.
O‘tgan hafta hibsga olingan Mkrodxoniyning 26 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan. Farda radiosiga ko‘ra, u hibsga olinishidan bir kun oldin o‘z qarashlarini videoga yozib olgan.
“Barcha erkinlikni sevuvchi mamlakatlar ramziy ishora sifatida Erondan o‘z vakillarini chaqirib olishlari hamda bu shafqatsiz rejim vakillari va bo‘linmalarini o‘z mamlakatlaridan chiqarib yuborishlari, shu yo‘l bilan Eronning erksevar xalqi bilan birdamligini bildirishlari vaqti keldi”, deydi Murodxoniy videoda.
Uning aytishicha, eronliklar chet el aralashuvini istamaydi va tashqaridan yordamsiz rejimni ag‘darish imkoniyatiga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular xorij hukumatlari rejimning omon qolishiga yordam berishni to‘xtatishlarini xohlaydi.
“Ozod va jasur eronliklar bu zolim rejimni ag‘daradi. Bu rejimni qo‘llab-quvvatlamasliklari kerak”, deydi u.
Murodxoniyning akasi o‘tgan hafta Twitter’da rasmiylar uning singlisini 23 noyabr kuni hibsga olishganini aytdi. Murodxoniy oldin ham rejimni tanqid qilib kelgan va shu yil boshida hamda 2018 yilda hibsga olingan edi.
Shuningdek, Osloda joylashgan Eron Inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda kamida 416 kishi, jumladan, 51 bola va 27 ayol xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ham bir qancha eronlik taniqli shaxslar namoyishlarni qo‘llashini aytgani va ularning ba’zilari hibsga olingani xabar qilingandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi