Eron muzokara oldidan harbiy mashg‘ulotlarni boshlab yubordi
Olam
−
09:48 4414 2 daqiqa
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kecha, 16 fevral kuni Hormuz bo‘g‘ozi hududida harbiy-dengiz mashqlarini boshladi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar dengiz kuchlarining “ehtimoliy harbiy va xavfsizlik tahdidlariga” tayyorgarligini baholash maqsadida tashkil etilgan. Mashqlarni korpusning bosh qo‘mondoni general-mayor Muhammad Pakpur shaxsan kuzatgan.
Bu jarayon AQSH tomonidan bosim kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp so‘nggi haftalarda Eronni ommaviy noroziliklarni qattiq bostirgani ortidan bir necha bor harbiy zarba bilan tahdid qilgan. Shuningdek, Vashington muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, harbiy ssenariy ham ko‘rib chiqilishini bildirib, mintaqaga ikkinchi avianosets zarba guruhini yuborgan.
17 fevral kuni Jeneva shahrida Eron va AQSH o‘rtasida, Ummon vositachiligida, muzokaralarning ikkinchi raundi o‘tishi rejalashtirilgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Jenevaga “adolatli va teng huquqli kelishuv” bo‘yicha aniq takliflar bilan kelganini aytgan hamda tahdidlar oldida taslim bo‘lish mumkin emasligini ta’kidlagan.
Vashington muzokaralar doirasiga Eronning raketa dasturi va mintaqadagi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi masalasini ham kiritishni istamoqda. Tehron esa faqat yadroviy dastur muhokama qilinishi kerakligini bildirmoqda.
Korpusning bayonotiga ko‘ra, mashqlar maqsadi Hormuz bo‘g‘ozida “oqilona nazorat”ni ta’minlashdir. Ushbu strategik yo‘lak orqali dunyo dengiz neft ta’minotining taxminan uchdan biri o‘tadi. Eron avval ham ehtimoliy hujum holatida bo‘g‘ozni yopish bilan tahdid qilgan va mintaqadagi AQSH harbiy bazalari qonuniy nishonga aylanishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron bilan tuziladigan kelishuv Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo xavfsizligini kafolatlaydigan qat’iy talablarga javob berishi kerakligini aytgandi.
Live
Barchasi