Eron mintaqadagi beqarorlik uchun yana bir qadam tashladi – G7
Olam
−
15 aprel
6451AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada va Yaponiyani o‘z ichiga olgan G7 davlatlari Eronning Isroilga hujumini eng keskin tarzda qoraladi. Bu haqda kecha, 14 aprel kuni hujumni muhokama qilish uchun o‘tkazilgan G7 yetakchilari videokonferensiyasining yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
G7ning amaldagi raisi Italiyaning chaqirig‘iga binoan a’zo davlatlar rahbarlari Eronning Isroilga hujumini muhokama qilish uchun videokonferensiya o‘tkazdi.
“G7 yetakchilari Eronning Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va misli ko‘rilmagan hujumini keskin qoralaydi. Eron o‘z harakatlari bilan mintaqani beqarorlashtirish yo‘lida yana bir qadam tashladi, bu esa nazorat qilib bo‘lmaydigan mintaqaviy keskinliklarga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish kerak. Vaziyatni barqarorlashtirish va keskinlashuvning oldini olish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Shu ruhda biz Eron va uning tarafdorlaridan hujumlarini to‘xtatishni va yanada beqarorlashtiruvchi tashabbuslarga javoban qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor turishini talab qilamiz”, deyiladi bayonotda.
G7 bayonotida G‘azodagi vaziyat ham ko‘rib chiqildi. G7 yetakchilari zudlik bilan va barqaror o‘t ochishni to‘xtatish hamda HAMAS garovga olganlarni ozod qilish, shuningdek, muhtoj bo‘lgan falastinliklarga ko‘proq gumanitar yordam ko‘rsatish, G‘azodagi inqirozni bartaraf etish uchun ishlashni davom ettirishiga ishontirdi.
Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi
1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.
Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.
Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.
Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq CNN telekanali Isroillik rasmiyga tayanib, Isroil Eron hujumiga javob berish niyatida ekani, hozirda javob ko‘lami aniqlanayotganini xabar qilgandi.
LiveBarchasi