Eron Livanga qo‘shin kiritishni ko‘rib chiqmoqda

Olam

image

Eron Yaqin Sharqdagi voqealar rivojiga nisbatan turli xil javob variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida Livan va Golan tepaligiga qo‘shin kiritish ham mavjud. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmasi) yuqori martabali harbiy qo‘mondoni Mohsin Rafiqdo‘st ma’lum qildi.

Rafiqdo‘stga ko‘ra, Eron Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga kirishishi mumkin va mamlakat Qurolli kuchlari bu boradagi barcha variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, u Eron mudofaa sohasida o‘zini-o‘zi to‘liq ta’minlay olish darajasiga yetganini, ya’ni harbiy texnikani havo, yer va suv operatsiyalari uchun mustaqil ravishda ishlab chiqarishga qodirligini ta’kidladi.

“Dushman Eronni mag‘lub etib bo‘lmasligini yodda tutishi kerak”, deydi u.

Ammo Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Nosir Kanani 30 sentyabr kuni Livan va “Hizbulloh” harakatiga yordam berish uchun Eron qo‘shinlarini yuborish rejasi yo‘qligini va Livan o‘zini o‘zi himoya qilishga qodirligini isbotlaganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Eron 1 oktyabr kuni Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirgandi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hujum Isroil tomonidan HAMAS, “Hizbulloh” yetakchilari va Livandagi Eron qo‘mondoni o‘ldirilishiga javob bo‘lganini e’lon qildi. Isroil matbuotiga ko‘ra, Eron Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlar hukumati Isroil bilan Eronning yirik raketa hujumiga ehtimoliy javob choralarini muvofiqlashtirayotgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Livan Golan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing