Eron Isroil havo hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini e’lon qildi
Olam
−
18 iyun 22758 1 daqiqa
Eronning yangi Fattoh raketalaridan foydalanishi Isroilning raketalarga qarshi mudofaa tizimlari ularni aniqlay olmasligini va ularni tutib olishga qodir emasligini ko‘rsatdi, shu sababli Isroil havo hududi Eronning to‘liq nazorati ostida. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi xabar berdi.
Unda birinchi avlod Fattoh raketalari Eronning Isroildagi nishonlarga bergan so‘nggi zarbalarida qo‘llangani ta’kidlanadi va “Biz sionistlar armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimi tugatilishi boshlanganiga guvoh bo‘layapmiz”, deya yozilgan.
“Oxirgi raketa zarbasi hech qanday shubhasiz, bosib olingan hududlar osmoni to‘liq bizning nazoratimiz ostida ekanini isbotladi”, deyilgan unda.
Isroilning ogohlantirish tizimiga ko‘ra, Eron kecha tunda Isroilga ikkita raketa zarbasi berdi va Isroilning markaziy qismidagi o‘nlab shahar va aholi punktlarida signal bilan ogohlantirildi. Raketalar qulagani yoki qurbonlar bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning Eronni “so‘zsiz taslim bo‘lish” haqidagi chaqirig‘idan so‘ng, Islom Respublikasi oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Vashingtonga tahdidlar bilan chiqdi. Xomanaiy Trampning talabini rad etdi va Eron xalqiga “tahdidlar tilida gapirib bo‘lmasligi”ni ta’kidladi.
Live
Barchasi