Eron Apple, Google va Microsoft ofislariga zarba bermoqchi
Olam
−
15:20 1736 3 daqiqa
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Apple, Google, Microsoft va boshqa Amerika texnologik kompaniyalarining Yaqin Sharqdagi ofislariga zarba berish bilan tahdid qildi. Ular ushbu kompaniyalarni Isroil va AQSH hujumlariga ko‘maklashishda ayblamoqda. Bu haqda IIQK bayonotiga tayanib, “Tasnim” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 1 apreldan boshlab Eron harbiylari 18 ta korporatsiya ob’ektlariga hujum qilishni boshlaydi. Ilk zarbalar Tehron vaqti bilan soat 20:00 ga belgilangan. Kompaniya xodimlariga “ish joylarini zudlik bilan tark etish”, yaqin atrofda yashovchi aholiga esa xavfsiz joy topish tavsiya qilingan.
Ehtimoliy nishonlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
- Texnika ishlab chiqaruvchilar: Apple, HP, Intel, Dell;
- IT-gigantlar: Microsoft, Google, Meta, Oracle;
- Sun’iy intellekt va aviasozlik: Nvidia, Palantir, Boeing;
- Moliya va energetika tuzilmalari: J.P. Morgan, Tesla, GE.
IIQK bayonotida ta’kidlanishicha, “terrorchilik hujumlari uchun nishonlarni ishlab chiqish va kuzatishda AQSHning AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) va SI (sun’iy intellekt) sohasidagi kompaniyalari asosiy element bo‘lgani sababli”, ular “qonuniy nishon” deb hisoblanadi.
“Shunday ekan, kim senga hujum qilsa, sen ham unga xuddi shunday hujum qil”, deyiladi Eron harbiylari bayonotida.
Ushbu qaror Eron fuqarolarining o‘limiga sabab bo‘lgan AQSH va Isroilning yaqindagi hujumlariga javob ekani aytilmoqda. Eronning ISNA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 31 mart kuni Zanjon shahridagi diniy majmuaga berilgan zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Shu kuni IIQK Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining maslahatchisi Jamshid Eshaqiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, “The Wall Street Journal” nashrining xabar berishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilariga Hormuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun yopiq qolishi va Tehron nazorati ostida bo‘lishiga qaramay, Eronga qarshi urushni to‘xtatishga tayyorligini ma’lum qilgan. Oq uydagi manbalarning ta’kidlashicha, Tramp va uning jamoasi bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha operatsiya nizoni yanada cho‘zib yuboradi, degan xulosaga kelgan. Shu munosabat bilan AQSH asosiy maqsadlarga – Eron harbiy-dengiz flotini zaiflashtirish va uning raketa zaxiralarini qisqartirishga erishib, so‘ngra harbiy harakatlarni to‘xtatish va Tehronga diplomatik bosim o‘tkazishni davom ettirishni ko‘zlamoqda. Agar bu ish bermasa, Vashington Yevropa va Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilaridan Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha tashabbusni o‘z zimmalariga olishni talab qilmoqchi.
“Associated Press” ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt va Bahrayn vakillari shaxsiy muloqotlarda Trampni Eron rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermaguncha yoki Tehronning xatti-harakatlari keskin o‘zgarmaguncha zarbalarni davom ettirishga undamoqda. Oq uy esa Eron bilan 6 aprelgacha kelishuvga erishishdan umidvor ekanini bildirgan.
Fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Eron jahon bozoriga neftning qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning (STG) 30 foizi yetkazib beriladigan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini amalda to‘sib qo‘ydi. Bu jahon bozorida energiya resurslari narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan hafta Tramp, agar Tehron bo‘g‘ozni ochmasa, Eron elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qilgan edi, biroq keyinroq muzokaralar uchun zarbalarni avval besh kunga, so‘ngra o‘n kunga kechiktirdi.
AQSH vositichilar orqali Eronga urushni yakunlash bo‘yicha 15 banddan iborat rejani taqdim etdi, unda yadro dasturidan voz kechish va raketa dasturini cheklash nazarda tutilgan. Bunga javoban Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozi ustidan suveren huquqini tan olishni talab qildi va ushbu suv yo‘li orqali kemalar o‘tishini pullik qilishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda yakunlanishini ma’lum qilgandi.