Eron gumanitar yordam bahonasida Suriyaga qurol yetkazib bermoqda
Olam
−
12 aprel 2023
5087Eron o‘zining strategik ittifoqchisi bo‘lgan Suriyaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika olib kirish uchun zilzila oqibatlarini bartaraf etish parvozlarini qo‘llagan. Bu haqda G‘arb razvedka xodimlari, Eron va Isroil rahbariyatiga yaqin manbalar, shuningdek, suriyalik harbiy qochoq va xizmatdagi suriyalik zobitlarga tayanib, “Reuters ” xabar berdi.
Aytilishicha, Eron mazkur harakatlar orqali Suriyada Isroilga qarshi mudofaasini mustahkamlash va Suriya Prezidenti Bashar Asadni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Manbaga ko‘ra, joriy yilning 6 fevral kuni Suriya shimoli va Turkiyada sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng Erondan yuzlab reyslar Suriyaning Halab, Damashq va Latakiya aeroportlariga yuk olib kela boshlagan va bu yetti hafta davom etgan. Ta’minotlar Suriyaning havo mudofaa tizimini yangilash uchun zarur bo‘lgan ilg‘or aloqa uskunalari, radar batareyalari va ehtiyot qismlarni o‘z ichiga olgan. Mazkur tizimlar Suriyaga fuqarolik urushi davrida Eron tomonidan taqdim etilgan.
Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi zilzilalardan keyin Suriyaga harbiy texnika yetkazish uchun gumanitar yordam samolyotlarini ishlatilgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq ekanini bildirgan.
Biroq anonim manbalar Isroil Suriyaga qurol-aslaha oqimi kirib kelganidan tezda xabar topgani va bunga qarshi kurashish uchun agressiv kampaniya boshlaganini aytgan.
LiveBarchasi