Eron chegarasida afg‘onistonlik er-xotin portlab ketdi

Olam

image

Joriy yilning 22 sentyabr kuni Eronning Siston-Balujiston viloyatida joylashgan Saravon tumanining Kaleh Grand chegara hududida afg‘onistonlik er-xotin mina portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “The Khama press” xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, er-xotin hech qanday ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilmagan mina maydoniga kirib qolgan. Shundan so‘ng, portlash oqibatida ikkisi ham voqea joyida halok bo‘lgan. Hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, minalar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan chegaradagi xavfsizlik choralarining bir qismi sifatida o‘rnatilgan.

“Bu fojia Eronning chegara viloyatlarida yashayotgan Afg‘oniston fuqarolari duch kelayotgan xavflarni yana bir bor ko‘rsatdi. Harbiylashtirilgan hududlar va noto‘g‘ri belgilangan mina maydonlari odamlar hayotiga zomin bo‘lmoqda. Huquq faollari bunday holatlar javobgarlikning yo‘qligi va insonparvarlik me’yorlariga e’tiborsizlikni fosh etayotganini aytmoqda”, deyiladi xabarda.

Nashrning yozishicha, hodisa afg‘on qochqinlari Eron hududida tobora kuchayib borayotgan bosim ostida yashayotgan bir paytda yuz bergan. Ular majburiy deportatsiya, muntazam tazyiq va mojarolardan aziyat chekmoqda. 2021 yilda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga olgach, xavfsizlik izlab Eron hududiga o‘tgan ko‘plab afg‘onistonliklar hozirda to‘satdan hibsga olish yoki chiqarib yuborilishidan qo‘rqib yashamoqda.

Shuningdek, Eron afg‘onistonlik bolalarning ta’lim olishiga qo‘ygan cheklovlar inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda. Faollar minglab bolalar maktabga qabul qilinmayotgani, bu esa butun bir avlodning savodsizlik va jamiyatdan chetlanish xavfini tug‘dirayotganini aytmoqda. Bu tizimli kamsitish afg‘onistonliklarning boshpana topish, sog‘liqni saqlash va tirikchilik qilishdagi muammolarini yanada og‘irlashtirmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari Tehronni qochqinlarga nisbatan xalqaro majburiyatlarni bajarishga, jumladan, tinch fuqarolarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga, ta’lim olishini ta’minlashga va asossiz deportatsiyalardan voz kechishga chaqirib kelmoqda. Shuningdek, faollar vaziyat tobora og‘irlashib borayotganidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 oy ichida Tojikistondan qariyb 1000 nafar Afg‘oniston fuqarosi majburan deportatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi. Xususan, joriy yilning 17 iyulidan 10 avgustigacha Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Panji Poyon – Sherxon Bandar” nazorat-o‘tkazish punkti orqali jami 1647 kishi Afg‘onistonga qaytgan, shulardan 976 nafari majburan chiqarib yuborilgan. Qolganlari esa qarindoshlarini ko‘rish yoki boshqa shaxsiy sabablar bilan ixtiyoriy ravishda Afg‘onistonga o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron mina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing