Eron BAAni ehtimoliy zarbalardan ogohlantirdi
Olam
−
20:43 1820 1 daqiqa
AQSH Xarg va Abu Muso orollariga hujum qilganidan so‘ng Eron Birlashgan Arab Amirliklari hududidagi Amerika nishonlariga zarba berilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Eron harbiy qo‘mondonligining “Xatam al-Anbiya” markaziy shtabi rasmiy vakili Ibrohim Zulfug‘oriyning so‘zlariga ko‘ra, Amerika kuchlari Eronning Abu Muso oroliga va Xarg orolining bir qismiga raketa zarbalari bergan.
“Biz BAA rahbariyatiga shuni ma’lum qilamizki, Eron o‘z suvereniteti va hududlarini himoya qilish uchun Amerika raketalari uchirilayotgan dengiz portlariga, shuningdek, BAAning qator shaharlarida Amerika harbiylari joylashgan va yashiringan manzillarga zarba berishni o‘zining qonuniy huquqi deb hisoblaydi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, u BAA aholisini potentsial talofatlardan saqlanish uchun portlar va Amerika harbiylari bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni tark etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSH Yaqin Sharq tarixidagi “eng kuchli bombardimonlardan birini” amalga oshirganini va Xarg orolidagi “barcha harbiy nishonlarni” butunlay yo‘q qilganini aytgan edi. Oq uy rahbari “odob yuzasidan” oroldagi neft infratuzilmasiga tegmaslikka qaror qilganini, biroq Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida kema qatnoviga to‘sqinlik qilinsa, bu qarorini darhol qayta ko‘rib chiqishini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi