Eron arab davlatlaridan ham tovon talab qilmoqda
Olam
−
14 aprel 4341 1 daqiqa
Eron hukumati AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasidagi roli uchun besh arab davlatidan kompensatsiya talab qildi. Bu haqda Eron Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat yo‘llagan.
Murojaat BMTga yuborilgan bo‘lib, uni Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravaniy BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik kengashi raisiga yo‘llagan.
Hujjatda Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya javobgarlikka tortilishi kerakligi aytilgan. Eron ularning barchasidan mamlakatga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun to‘liq kompensatsiya to‘lashni talab qilmoqda.
Tehronning ta’kidlashicha, ushbu davlatlar o‘z hududlarini Eronga qarshi hujumlar uchun taqdim etgan, ayrim hollarda esa bevosita “noqonuniy qurolli zarbalarda”, jumladan fuqarolik ob’ektlariga qaratilgan hujumlarda ishtirok etgan. Shu sababli Eron bu harakatlarni xalqaro huquq nuqtai nazaridan “agressiya” deb baholamoqda.
Biroq Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Iordaniya bu ayblovlarni rad etib, AQSH va Isroilning Eron qarshi operatsiyasida ishtirok etmaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroilni “tajovuzkorlar” deb atab, Tehron ulardan yetkazilgan zarar uchun albatta tovon puli talab qilishini bildirgandi. Uning aytishicha, Eron hech qachon hujum qilganlarni tinch qo‘ymaydi va kompensatsiya undirish masalasini oxirigacha olib boradi.
Live
Barchasi