Iqtisodi “o‘tirib” borayotgan Eron alamidan AQSHni keskin ogohlantirdi
Olam
−
08:21 2877 2 daqiqa
Eron AQSHning sanksiyalari va harbiy bosimi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni hal qilish choralarini kuchaytirishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Tehron AQSH tomonidan yangi hujumlar amalga oshirilsa, javob zarbalari yanada og‘ir bo‘lishidan ogohlantirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof mamlakatning ehtimoliy yangi tahdidlarga javob berish strategiyasi o‘zgarayotganini bildirib, bundan keyingi javoblar tezroq va kuchliroq bo‘lishini aytgan.
Tehron, shuningdek, strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida cheklangan hudud joriy etishni rejalashtirmoqda. U yerga ruxsatsiz kirgan kemalarga nisbatan choralar ko‘rilishi mumkin.
Eron iqtisodiyotiga AQSH sanksiyalari va neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlar jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatning neft sotuvi keskin qisqargani xorijiy valyuta tushumlari, davlat daromadlari va ta’minot zanjirlariga bosimni kuchaytirgan.
Eron Iqtisodiyot vaziri Ali Madani Zoda iqtisodiy islohotlar mamlakatning o‘zi tomonidan amalga oshirilishini va tashqi kuchlarning aralashuvi qabul qilinmasligini ta’kidlagan.
Ayni paytda Eronning Iqtisodiy urush shtabi urush va sanksiyalar oqibatlarini yumshatish, ichki bozorni ta’minlash hamda iqtisodiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha choralarni kuchaytirmoqda.
Tehron ma’lumotlariga ko‘ra, neft sanoati uchun muhim bo‘lgan Xark oroli 550 martadan ortiq zarbaga uchraganiga qaramay, hozir ham ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, Eron va AQSH o‘rtasidagi qarama-qarshilik fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari boshlanganidan keyin keskinlashgan. Iyunda vaqtinchalik sulh e’lon qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik tomonlar o‘rtasida o‘zaro zarbalar yana tiklandi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda AQSH Eron tankerlariga zarbalar berganini ma’lum qildi, Tehron esa AQSH harbiy-dengiz kuchlariga qarshi hujumlar uyushtirdi. Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik jahon neft bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda: Brent nefti narxi 96 dollardan oshdi.
Live
Barchasi