Eron Afg‘oniston bilan chegarada 10 km devor qurdi
Olam
−
23 Sentabr
10356Eron harbiylari mamlakatni muhojirlarning kirib kelishidan himoya qilish uchun Afg‘oniston bilan chegarada 10 kilometrdan ortiq masofada devor qurdi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi umumiy chegara 900 kilometrdan ortiq bo‘lib, qochqinlar guruhlari doimiy ravishda undan o‘tib ketadi. Afg‘onistonlik muhojirlar oqimi esa 2021 yil avgustida “Tolibon” Afg‘oniston hukumati tepasiga kelgandan so‘ng ortgan.
“Chegarada 10 kilometrdan ortiq devor qurildi, yana 50 kilometri qurib bitkazilishi kerak”, dedi Eronning Quruqlikdagi kuchlar qo‘mondoni o‘rinbosari General Nozar Ne’matiy
Qayd etilishicha, Tehron afg‘on muhojirlari soni bo‘yicha rasmiy raqamlarni ochiqlamagan, biroq parlament a’zosi Abolfazl To‘rabiy ularning sonini 6 milliondan 7 milliongacha ekanini ma’lum qilgan. Hukumat so‘nggi paytlarda noqonuniy qochqinlarga nisbatan bosimni kuchaytirib, ular muntazam ravishda sharqiy chegaradan chiqarib yuborilganini ham e’lon qilgan.
“Chegarani to‘sib qo‘yish orqali biz mamlakatga kirish va chiqishni nazorat qilmoqchimiz va chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirmoqchimiz”, dedi Ne’matiy.
Ma’lumot uchun, sentyabr oyida Eron Ichki ishlar vaziri Eskandar Momeniy Eron chegarani yopish uchun devorga qo‘shimcha ravishda tikanli sim va suv bilan to‘ldirilgan ariqlardan foydalanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, 13 sentyabr kuni parlament Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Ibrohim Rizoiy politsiya yaqin kelajakda ikki milliondan ortiq noqonuniy fuqarolarni chiqarib yuborishni rejalashtirganini aytgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil mart oyidan beri Eron ro‘yxatga olingan 2,7 milliondan ortiq afg‘on qochqinini qabul qilgan. Bu raqam mamlakatdagi qonuniy muhojirlarning 97 foizini tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon iroqlik mavqedoshi Abdul Latif Rashid bilan uchrashuvda Yevropa Ittifoqidagi kabi islomiy davlatlar o‘rtasida ham chegaralarni olib tashlashga chaqirgan edi.
LiveBarchasi