Eron hujumlari javobsiz qolmaydi – Ozarbayjon Mudofaa vazirligi
Olam
−
05 mart 4804 2 daqiqa
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirdi. Bu haqda vazirlik bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Eronning Naxichevon xalqaro aeroporti va maktab yaqiniga qilingan dron hujumi hozirda o‘rganilmoqda. Dronlarning texnik parametr va ushbu hujumlarning tafsilotlari batafsil tekshirilmoqda.
“Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish, fuqarolar va fuqarolik infratuzilmasining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur javob choralarini tayyorlamoqda va ushbu hujumlar javobsiz qolmaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eron Qurolli kuchlari tomonidan mamlakat hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga qarshi amalga oshirilgan hujumlarni qat’iy qoralagan.
Dron hujumlari oqibatida jarohatlanganlardan birining shaxsi aniqlandi.
“Jarohatlanganlardan biri 1986 yilda tug‘ilgan Rayhona Valiyeva bo‘lib, uning holati hozirda o‘rta-og‘ir deb baholanmoqda. Tekshiruv va davolanishi tibbiyot muassasasida davom ettirilmoqda”, deyiladi shifoxona ma’lumotda.
Ma’lumot uchun, Eron tomoni holat yuzasidan hozirga qadar hech qanday ochiqlama bermagan.
Eronning Ozarbayjonga hujumi
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Live
Barchasi