Eron Hormuzdan o‘tuvchi kemalardan boj olmoqchi

Olam

image

Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan boj undirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasining tegishli moddasini ma’qulladi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita qonun loyihasining 3-moddasiga o‘zgartish kiritishni ma’qullagan. Unga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali tranzit qilishga ruxsat berilgan davlatlarning kemalari Eron tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun boj to‘lashi kerak bo‘ladi.

Taklif etilayotgan to‘lovlar ekologik xizmatlar, yoqilg‘i quyish, sug‘urta va xavfsizlikni ta’minlash xizmatlarini qamrab oladi. Qonun loyihasida, shuningdek, bo‘g‘oz orqali o‘tishga ruxsat berilgan kemalardan ushbu xizmatlar uchun to‘lov undirilishi belgilangan.

Bundan avval Tehron Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHga 6 ta shart qo‘ygan edi. Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhammad Boqir Zulqadrning bildirishicha, AQSH o‘z siyosatini o‘zgartirmagunicha Hormuz bo‘g‘ozi ochilmaydi.

Eron tomoni qo‘ygan shartlar orasida AQSHning Eronga tahdid va haqoratlarni to‘xtatishi, Eron hamda uning Livan, Falastin, Yaman va Iroqdagi ittifoqchilariga qarshi urushni butunlay tugatishi bor. Shuningdek, Tehron dengiz blokadasini bekor qilish va AQSHning harbiy-dengiz hamda harbiy-havo kuchlarini olib chiqish, Eronga yetkazilgan zararni to‘liq qoplash, sanksiyalarni bekor qilish hamda muzlatilgan Eron aktivlarini ochishni talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini hozirda “Amerika hududi” deb hisoblashini aytgandi. Bu iddao Trampdan uchinchi bor yangrashi bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing