Erning burchi nimadan iborat?

Jamiyat

Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh. 

Azizlar, sizlarga ma’lumki, muborak Ramazon oyida amalga oshirayotgan suhbatlarimiz davomida oiladagi muammolar, ularning oldini olish va isloh qilish haqida gaplashgan edik. Bugungi suhbatimiz esa er va xotinning bir birlariga munosabati haqida bo‘ladi. 

Erning burchlari va ayolning burchlari haqida ko‘p gapiriladi.  Bu borada esa ma’ruzalar ham, nasihatlar ham ko‘p. Ayolning oilada erning oldidagi burchlaridan tashqari undan talab qilishi mumkin bo‘lgan huquqlari ham bor. Shuningdek, erning ham ayoli oldida bajarishi kerak bo‘lgan burchlari hamda talab qiladigan huquqlari bor. Oiladagi ko‘pgina nizolar haqida qancha gapirgan bo‘lsak-da, shunga qaramay, haligacha bunga e’tibor qilmayotganimiz va buning oqibatida ko‘plab muammolarga duch kelayotganimiz hech kimga sir emas. 

Erning burchi nimadan iborat? 

Erkakning o‘z ayoli oldida moddiy va ma’naviy burchlari bordir. Moddiy burchga to‘xtaladigan bo‘lsak, erkak kishi ayolining barcha ta’minotini hozirlab qo‘yishi lozim. Avvalo, ayol kishiga mahr berishi vojibdir. Mahr esa ayolning haqqidir. Erkak kishi bundan malollanmasligi va qochmasligi zarur. Payg‘ambarimiz bu amalni targ‘ib qilganlar. Shunday ekan mahrni o‘z o‘rnida ado etish lozim. 

Shuningdek, oila qurilgandan keyin barcha moddiy ta’minot erkak kishining bo‘ynida bo‘ladi. Lekin bugungi kunda ba’zi erkaklar oilaning moddiy ta’minotidan qochmoqda, kerak bo‘lsa moddiy tomonlama barcha kamchiliklarni ayolining zimmasiga yuklab qo‘ymoqda. Bizni eng xafa qiladigan yana bir vaziyat – ba’zi otalar o‘z farzandining ta’minoti haqida butkul o‘ylashmaydi. Hattoki, ayoliga yuklab qo‘yganlari ham bor. Lekin Qur’oni Karimda va hadisi shariflarda oilaning ta’minoti erkak kishining zimmasida ekanligi aytilgan. 

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “O‘zing kiyganingdan kiydir, ichganingdan ichir, yeganingdan yedir. Mana shu ayolning senda bo‘lgan haqqidir”, deya marhamat qilganlar. Erkaklar bilishsinki, buning natijasida yelkalaridagi burch soqit bo‘ladi hamda ajrga ega bo‘lishadi. Shuning uchun ham bundan bo‘yin tovlamaslik kerak. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Ayolingni og‘ziga olib borgan bir dona luqma bilan ham ajr topasan”, deganlar. Ayol kishining barcha zaruriy ehtiyojlarini qondirgan erkak hech qachon buni minnat qilmasligi zarur. Chunki bu Alloh taoloning amridir. 

Shu bilan birgalikda erkak kishi ayoliga nisbatan xushmuomala bo‘lishi lozim. Bu esa uning ma’naviy burchidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Sizlardan eng yaxshingiz, ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir. Ichingizda ahli ayoliga nisbatan yaxshi bo‘lganingiz mendirman”, deganlar. Erkaklarimiz Payg‘ambarimizga ergashgan holatda o‘z ayollariga yaxshi muomala qilishlari kerak. Shu o‘rinda ba’zi erkaklar “Biz ularga yaxshi gapirsak, ayollar o‘zidan ketib qolishadi, erkalanib ketadi va boshga chiqib oladi”, degan gaplarni ham aytishdi. Ularning xayolida ayol kishiga qattiq turish kerak, degan tushuncha bor. Bu esa sunnatga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Zimmasida Islom dinini da’vat qilishdek buyuk vazifa turgan zot o‘z ayollariga yaxshi munosabatda bo‘lib butun mo‘minlarga go‘zal o‘rnak bo‘lganlar. Shuning uchun har xil bahonalar qilish umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ahli ayollariga shu darajada e’tibor qaratardilarki, bir kuni Oysha (r.a.)ga “Ey, Oysha! Seni mendan qachon rozi bo‘lishingni ham, qachon norozi bo‘lishingni ham bilaman”, dedilar. Oysha onamiz hayron bo‘lib “Qanday qilib meni rozi bo‘lganimni va norozi bo‘lganimni bilasiz?”, deya so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Qachonki, sen norozi bo‘lsang “Ibrohimning Robbisiga qasam” deb gapirasan. Agar rozi bo‘lsang, “Muhammadning Robbisiga qasam” deya gapirasan”, dedilar. Bu suhbatdan keyin Oysha onamiz “Bundan keyin faqat “Muhammadning Robbisiga qasam” deyman”, dedilar. Payg‘ambarimizning zukkoliklariga qarang! O‘z ayollarini gapirayotgan gapidan rozi yoki norozi ekanliklarini bilib olar ekanlar.

Hozirgi kunda ko‘pchilik erkaklar o‘z ayollariga qo‘pol munosabatda bo‘lishmoqda. Qur’oni Karimda esa ayollar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib yashashga buyurilgan. Ya’ni, “Ahli ayolingiz bilan yaxshi yashashni yo‘lga qo‘ying”, deyilgan. Hattoki ajrashayotganda ham yaxshilik bilan ajrashishga buyruq qilingan. “Yo ayollarni yaxshilik bilan ushlab turing, yoki yaxshilik bilan qo‘yib yuboring” degan xitoblardan xulosa qila olamizki, er va xotin ajrashayotganda ham yaxshilik bilan ajrashishlari kerak. 

Yana bir achinarli holatlardan biri shuki, ba’zi erkaklar o‘z ayolining yaqinlarini umuman hurmat qilishmaydi. Bundan tashqari qarindoshlari bilan muloqot qilishdan ham cheklab qo‘yishadi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning huzurlarida sahobalardan biri o‘tirgan edi. U sahobaning otasi mushrik va musulmonlarga dushman edi. Shunda Payg‘ambarimiz boshqa sahobalarni ogohlantirib aytdilarki, “Buning otasi garchi mushrik bo‘lsa ham, uning huzurida otasi haqida yomon gaplar aytmanglar”, dedilar. Bu sunnat bizga ta’lim bo‘lishi kerak. Bir begona insonni xafa qilish ham mumkin emasligini ko‘rdik. Endi o‘z yaqinlarimizni,yoki ayolimizni, uning qarindoshlarini xafa qilish nimasi?! 

Yana shunday erkaklar ham borki, ular o‘z ayoli ota-onasini ko‘rgani borib kelishiga oylab ruxsat bermaydi. Yoki borib kelishsa ham buni ta’na qilishadi. Mana shunday erkaklar bilishsinki, Alloh taolo ota-ona bilan aloqani farz qilgan. Agarda ayrim erkaklar mana shu aloqani uzishga harakat qilishsa Allohning buyrug‘iga qarshi chiqqan bo‘ladi. 

Alloh taolo oilamizdagi holatlarni isloh qilishda ko‘makchi bo‘lsin. Shariatga muvofiq ish tutishga barchamizni muyassar qilsin. Vassalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.

Odinaxon Muhammad Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

243

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing