Erkinjon Turdimov Samarqand hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
05 noyabr
19073Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov Xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida yana ushbu lavozimga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi lavozimiga nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkazish uchun sessiya ishida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev Prezident tomonidan Turdimov nomzodi ko‘rsatilganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimov 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2018 yildan Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritadi.
Qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkaziladi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga (Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish) ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati – 5 yil.
Konstitutsiyaning 123-moddasiga ko‘ra, viloyat hokimlarining vakolatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish kiradi.