Erkinjon Turdimov Ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi
Jamiyat
−
18:55 5250 2 daqiqa
Erkinjon Turdimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tasdiqlandi.
Turdimov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullanganidan so‘ng Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, tegishli farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi kiritildi. Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil qilindi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi.
Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.
Erkinjon Turdimov 2025 yilning yanvarida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi, 2025 yilning dekabrida Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimov 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U 2008 yilda bir muddat O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Erkinjon Turdimov 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Live
Barchasi