Erkin matbuotga bosim bo‘lyapti – BBC'ning iste’fodagi rahbari

Olam

image

Buyuk Britaniyaning BBC telekanalining iste’foga chiqqan bosh direktori Tim Deyvi xodimlarni ruhlantirishga harakat qilib, ularga xatolar qilgan bo‘lsalar ham, o‘z ishlarini himoya qilishlari kerakligini aytdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Deyvi xodimlarga BBC bilan faxrlanishini bildirib, xatoga yo‘l qo‘yilgani va bu ularga qimmatga tushganini ta’kidlagan.

“Biz noyob va qimmatli tashkilotmiz va men erkin matbuotga bosim qilinayotganini, uni qurol sifatida ishlatish holatlarini ko‘ryapman,” deydi sobiq bosh direktor barcha xodimlar yig‘ilishida.

Ba’zi siyosatchilar va Buyuk Britaniya matbuotining ayrim bo‘limlari BBC'ni tarafkashlikda ayblagan. BBC'ni qo‘llab-quvvatlovchilar bu tanqidlarni ommaviy xizmat ko‘rsatuvchi media ustiga yo‘naltirilgan kengroq kampaniyaning bir qismi deb hisoblamoqda. Madaniyat vaziri Liza Nendi parlamentda BBC'ni yuqori jurnalistik standartlar namunasi sifatida himoya qilgan.

“Fakt va fikr oralig‘i xavfli darajada chalkashayotgan bir vaqtda... BBC bu tepalikdagi chiroqdir”, degan u.

Xalqaro so‘rovlar va tahlillar kompaniyasi YouGov so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, Deyvi iste’foga chiqqan kundan keyin britanyaliklarning uchdan biri BBC'ni chap qanot tarafkashligida ayblagan. Tahlilchilar esa iste’folar tahririy standartlar va boshqaruvdagi kelishmovchiliklarni ochib berganini, BBC jamoatchilik ishonchini saqlay oladimi degan savollarni yuzaga keltirganini aytgan.

2020 yildan beri bosh direktor bo‘lgan Tim Deyvi BBC'ning kelajagi bo‘yicha xavotirlarni kamaytirishga harakat qilgan va xodimlarga: “BBC rivojlanadi va men jamoani to‘liq qo‘llab-quvvatlayman,” degan. U iste’foga chiqishini ishning tinmsizligi, BBC moliyalashtirish modeli bo‘yicha keyingi tekshiruvga tayyorgarlik va tahririy xato sabab deb tushuntirgan.

BBC 1922 yilda tashkil etilgan va asosan televizor egalari to‘laydigan litsenziya haqi orqali moliyalantiriladi. Hozir telekanal rahbarsiz qolgan, hukumat esa uning moliyalashtirish modelini tekshirmoqda. Joriy 10 yillik moliyalashtirish 2027 yilda tugaydi. Nandi esa tekshiruv keyingi o‘n yillik uchun shartlarni belgilash maqsadida tez orada boshlanishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Britaniyaning BBC kompaniyasini unga nisbatan “yolg‘on, tuhmat, haqoratli va g‘azab uyg‘otuvchi bayonotlar” berganlikda ayblab, 1 milliard dollargacha zarar undirish uchun sudga berish bilan tahdid qilayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp BBC Tim Deyvi Liza Nendi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing