Erdo‘g‘anning “dag‘dag‘asidan” so‘ng 10 davlat “ortga chekindi”
Olam
−
25 Oktabr 2021
24608AQSH va boshqa G‘arb davlatlari elchixonalari Turkiyaning ichki ishlariga aralashmaslik to‘g‘risida bayonot e’lon qildi. O‘z navbatida, mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an buni ijobiy qabul qildi. Bu haqda “Anadolu” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 25 oktyabr kuni AQSH elchixonasi va boshqa bir qator davlatlar Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasida belgilangan mezbon davlatning ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 41-moddaga rioya qilishda davom etishlarini ma’lum qilgan va Turkiya Prezidenti buni ijobiy qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, dastlab 10 davlat – AQSH, Kanada, Germaniya, Fransiya, Finlyandiya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiya elchixonalari to‘rt yil oldin, 18 oktyabrda hibsga olingan Usmon Kavalaning ozod qilinishini talab qilib, murojaatnoma tarqatgandi. Ular Turkiya hukumatini Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi talabini bajarishga va Kavalani qo‘yib yuborishga chaqirgan.
Murojaat e’lon qilinganidan keyin elchilar Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, mamlakat ichki ishlariga aralashishga urinishda ayblangan. So‘ngra, mamlakat Prezidenti Erdo‘g‘an mamlakat ichki ishlariga aralashib, bayonot qabul qilgan 10 ta davlatning elchilarini persona non-grata (xushlanmagan), deb e’lon qilish bo‘yicha TIVga buyruq berdi. Buyruq bajarilmasidan turib elchixonalar bir qadam orqaga tashladi va xalqaro huquqlarni tan olishlarini ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, agar elchilar persona non-grata, deb e’lon qilinganda, TIV talablariga ko‘ra, ma’lum qisqa bir muddatda xorijiy diplomatlar Turkiyani tark etishi kerak bo‘lardi.
LiveBarchasi