Turkiyada Erdo‘g‘anning hukmronligi oxirlab qoldimi?
Tahlil
−
03 aprel 2019
20251Avvalroq, saytimizda Turkiyada o‘tgan mahalliy saylovlarning kutilmagan natijalaridan biri – Kommunistik partiya g‘alabasi haqida maqola e’lon qilgandik.
Turkiyada o‘tkazilgan mahalliy saylovlar xalqning mamlakatda uzoq yillardan beri yetakchilik qilib kelayotgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga (ATP) bo‘lgan ishonchini sinovdan o‘tkazdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga 2001 yilda asos solingan. Partiya 2002 yildan buyon mamlakatda yetakchilik qilib keladi. ATP tashkil topganidan beri o‘tkazilgan olti saylovning beshtasida yakka o‘zi g‘alaba qozongan.
Saylovning umumiy natijalariga qarab, partiya xalqning ishonchini oqladi, deyish mumkin. ATP nomzodlari saylovda mamlakatning 81 ta ma’muriy hududining 41 tasida g‘alaba qozondi. Bu 50,6 foizlik muvaffaqiyat demakdir.
Ammo vaziyatga yaqindan qarasa, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning partiyasi mamlakatning yirik shaharlarini qo‘ldan boy berganini ko‘rish mumkin.
ATP mamlakat poytaxti Anqara, yirik shaharlar bo‘lgan Istanbul va Izmirda asosiy raqobatchisi Respublika xalq partiyasiga yengildi. RXP vakillari Mansur Yashav Anaqarda, Ekrem Imomo‘g‘li Istanbulda va Tunch Soyer Izmirda ATP nomzodlaridan ustun keldi.
Turkiya aholisi 82 mlndan ortiq bo‘lsa, Anqara (5,5 mln) Istanbul (15,7 mln) va Izmirda (4,5 mln) jami aholining 32,1 foizi istiqomat qiladi.
Erdo‘g‘anning o‘zi Istanbul shahrining ahamiyati haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgandi:
“Kim Istanbulni zabt etsa, o‘sha Turkiyani zabt etadi”.
Ma’lmuot uchun, Erdo‘g‘an o‘zi ham siyosatdagi zafarli “yurishi”ni Istanbul merligidan boshlagan. 1994-1998 yillarda Erdo‘g‘an Istanbul meri vazifasini bajargan. 2003 yilda u Turkiya Bosh vaziri lavozimini egallagan.
ATPning Istanbul merligi uchun nomzodi taniqli siyosatchi, Turkiyaning sobiq Bosh vaziri Binali Yildirim edi. U 2019 yilning fevral oyida saylovlarda ishtirok etish uchun Turkiya Parlamenti spikeri lavozimidan iste’fo bergan. Shu bois katta ehtimol bilan Turkiya yuragi Istanbul boshqaruvi Binali Yildirimga o‘tishi kutilayotgan edi.
Saylov natijalari e’lon qilinganiga qaramay, Binali Yildirim va ATP taslim bo‘lishni istamayapti. Sobiq Bosh vazir Istanbuldagi saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblayapti.
Gap shundaki, Istanbuldagi saylovda Ekrem Imomo‘g‘li 48,80 foiz – 4 mln 171 ming 120 ta ovoz to‘plagan. Binali Yildirim esa 48,55 foiz – 4 mln 149 ming 655 ta ovoz olgan. Oradagi farq bor-yo‘g‘i 21 465 tani tashkil qiladi.
Oradagi farqning kamligi sababli ATP yaroqsiz deb topilgan ovozlarni ham qayta ko‘rish va jami byulletenlarni sanab chiqishni talab qildi. Bugun, 3 aprel kuni Istanbulning Beyko‘z, Chekmako‘y, Shile, Bayrampasha va Chatalja okrug saylov komissiyalari e’tirozlar tushgani sababli byulletenlarni qayta sanab chiqishga qaror qildi.
Bu vaqtda Respublikachi xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li partiyasi vakili Ekrem Imomo‘g‘liga Istanbul shahri merligi mazbatasi berilishi kerakligini ta’kidlayapti.
“Istanbul xalqi tanlovini qildi. Istanbul shahar meri etib saylangan Ekrem Imomo‘g‘lining mazbatasi zudlik bilan topshirilishi kerakligini eslatyapti. Bu jarayonning yakunlanishi Istanbul va mamlakatimizga foyda bo‘lishini bilishingizni xohlayman”, dedi Qilichdoro‘g‘li.
Bir narsaga e’tibor qaratish lozim. 31 martdagi mahalliy saylovlar Turkiyada Erdo‘g‘an va ATPga bo‘lgan ishonchning pasayganini ko‘rsatdi. Bungacha ATP vakillari 81 hududning 49 tasida merlik vazifasini bajarib kelgan bo‘lsa, bu safar 41 ta hududda muvaffaqiyatga erisha oldi, xolos.
Natijalardan kelib chiqib, Erdo‘g‘an Turkiya iqtisodini ko‘tarish, milliy valyuta – turk lirasining qadrini oshirish, aholining yashash darajasini yaxshilash uchun sezilarli va samarali choralar ko‘rmasa, keyingi saylovlarda ahvol bundanda yomon bo‘lishi hech gap emas.
LiveBarchasi