Erdo‘g‘anga Nobel, Mirziyoyevga rahmat, Turkmanistonga a’zolik va tan olinayotgan SHKTR. Turkiylarning rejasi nima?

Tahlil

Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi joylashgan hududlar o‘z geografik va geologik xususiyatlariga ko‘ra, tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir bo‘ladigan makon hisoblanadi. Ya’ni ularga Turkiyada sodir bo‘lganidek zilzila har vaqt xavf solishi mumkin. Bu haqda 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi. 

Ma’lumki, joriy yilda ushbu tashkilotga raislik O‘zbekiston chekiga tushgan. Shunga ko‘ra, tashkilotning barcha tadbirlari O‘zbekistonda o‘tishi kerak. Ammo joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning 11 viloyatida sodir bo‘lgan vayronkor zilzila va uning oqibatida bugungacha qariyb 50 ming kishining qurbon bo‘lishi, barcha mamlakatlarning, jumladan Turkiy dunyoning ham Turkiya atrofida to‘planishiga sabab bo‘ldi. 

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amaliy tashrifi 15 mart kuni boshlandi. Uni Anqaradagi Beshtepa Prezidentlik majmuasi hovlisida mamlakat rahbari Erdo‘g‘anning o‘zi kutib oldi. Mirziyoyev unga qadrdonim deb xitob qildi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tgan yakkama-yakka uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtoyga ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi. 

Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan tashkil etildi. 

Unda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ishtirok etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, tashkilotning avvalgi tadbirlarida birinchi xonimlar ham ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal ular ko‘rinish bermadi. Katta ehtimol bilan davlat rahbarlari yolg‘iz kelgan. 

Shavkat Mirziyoyev raislik qilgan sammitdagi nutqlar ketma-ketligini Turkiya rahbari boshlab berdi. U ushbu tadbirni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va Turkiyaga kelgan barcha davlat va Hukumat rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. Turkiyaning og‘ir kunlarida qo‘l qovushtirib o‘tirmaganlarini alohida qayt etib, Turkiy dunyo birlashgani, bir tan, bir jon bo‘lganini aytdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dahshatli zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga va shaxsan Prezident Erdo‘g‘anga ta’ziya bildirdi. U qurbonlarning xotirasiga hurmat ifodasi sifatida bir daqiqa sukut saqlashga chaqirdi. 

Mirziyoyev hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi. 

O‘zbekiston rahbari so‘zida davom etib, O‘zbekiston Turkiyaning vayronkor zilzila sodir bo‘lgan hududlaridan biri – Hatay viloyatining Ovakent hududidagi tiklash va bunyodkorlik ishlarida qatnashmoqchi ekanini bildirdi. 

U sammitga to‘plangan barcha davlatlar rahbarlari nomidan Turkiyaga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat ob’ektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchini yo‘naltirishga tayyorligini aytdi.

U, shuningdek, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning O‘zbekistonda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband obidalarini ziyorat qilishi uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishni va’da qildi. 

“Shu bilan birga, ushbu yoz mavsumida biz Hatay yoshlarining ham O‘zbekistonga tashrifini tashkil etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini, yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish niyatidamiz”, deya Turkiya Prezidentiga yuzlandi Mirziyoyev.

Ma’lumki, joriy yilning 14 may kuni Turkiyadagi navbatdagi prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. 16 mart kuni mamlakat parlamenti – Buyuk Millat Majlisidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi fraksiyasi saylovda prezidentlikka nomzod sifatida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an nomzodini ko‘rsatdi. Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida ushbu masalaga to‘xtalar ekan, so‘nggi yigirma yilda Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida Turkiya Jumhuriyatining xalqaro maydondagi obro‘ va nufuzi keskin yuksalgani, davlatning global iqtisodiyot va siyosatdagi o‘rni va ta’siri izchil ortib borayotganini e’tirof etdi.

“Zamonaviy va qudratli Turkiyaning bugungi barcha yutuqlarida va erishayotgan ulkan marralarida hurmatli Prezidentning mislsiz xizmatlari borligini alohida e’tirof etamiz. Shu bois, barcha qardosh xalqlarimiz nomidan turk eliga murojaat etib, saylovlarda muhtaram Rajab Toyib Erdo‘g‘an nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Bizning ana shu umumiy istagimiz bugun qabul qilinayotgan Anqara deklaratsiyasida o‘zining ifodasini topishi ayni muddaodir”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu samitda o‘g‘li – Prezident Serdar Berdimuhamedov o‘rniga qatnashgan Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nomzodini Tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko‘rsatishni taklif qildi. 

“Biz siz bilan 22 yildan buyon yaqindan tanishmiz. Bu yillar ichida Turkmanistonga ko‘rsatgan yordamingiz uchun turkman xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Hurmatli Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyoda muhim siyosiy shaxsiyat. U nafaqat o‘z xalqi, balki butun musulmon xalqlarining tinch-totuv yashashi uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Erdo‘g‘an mintaqada va dunyoda tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va xalqaro munosabatlarda o‘zaro tushunishni ta’minlash borasida ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bularni inobatga olgan holda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatamiz va bu yo‘nalishdagi barcha takliflarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Erdo‘g‘an haqiqatan ham ushbu xalqaro mukofotga loyiq boshqaruvchi”, deydi Berdimuhamedov.

Turkiy Davlatlar Tashkilotiga eng oxirgi bo‘lib qo‘shilgan mamlakat Turkmanistondir. Ashxobod 2021 yildan boshlab ushbu tashkilot tadbirlarida kuzatuvchi maqomida ishtirok eta boshladi va Turkiyaga avvalgiga qaraganda ancha yaqinlashdi. Hatto, Turkmanistonning sobiq rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning hech qayerda ko‘rinish bermagan rafiqasi ham Turkiya rahbari va birinchi xonimi tashrifida kameralarga yashirinishga chek qo‘ydi. 

Turkmaniston esa nafaqat Turkiyaga, balki Turkiy dunyoga yanada yaqinlashmoqchi. Berdimuhamedovning sammitda aytishicha, endi Ashxobod kuzatuvchi bo‘lib qolmay, a’zolikka kirmoqchi. 

“Agar qonunchiligimiz takomillashtirilsa, Turkmaniston turkiy oila qatoriga qo‘shilishi mumkinligiga ishonaman”, deydi Arqadag‘.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa o‘z so‘zida O‘zbekiston rahbariga Qorabog‘dagi maktab qurilishi uchun minnatdorlik bildirdi:

“Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga O‘zbekiston tomonidan ozod qilingan Fuzuli viloyatida qurilayotgan maktab va u yerda Qozog‘iston tomonidan bunyod etilayotgan madaniyat-san’at markazi uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Yana shuni ma’lum qilmoqchimanki, yaqinda Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi va Ozarbayjon-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tashkil etilgan”.

2020 yilning noyabr oyida yakuniga yetgan Qorabog‘ urushida Ozarbayjonning qo‘li baland kelib, 10 noyabr kuni Rossiya-Armaniston-Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama bayonot imzolangan bo‘lsada, Yerevan hamon mag‘lubiyatni tan olmay, Qorabog‘ hududida, Ozarbayjonga chegaralariga qarata bir necha qurolli provakatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda. Otishmalarda esa bugungacha o‘nlab harbiylar, shuningdek, tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. Qorabog‘dagi 302 yilliy mustamlaka, minglab odamlarning genotsidga uchragani, ommaviy qabrlarga tashlangani, asori-atiqalar, madaniyat, tarix yo‘q qilingani, masjidlar vayrona qilinib, cho‘chqaxonaga aylantirilganini esa unutib bo‘lmaydi. Ilhom Aliyev ham nutqida aynan shu haqida gapirdi. 

“Armaniston tomonidan 30 yillik ishg‘ol davrida yuzlab shahar va qishloqlarimiz, tarixiy va diniy obidalarimiz, qabristonlarimiz ataylab vayron qilindi. Xorijlik ekspertlar vayron bo‘lgan Ag‘dam shahrini “Kavkazning Xirosimasi” deb atamoqda. Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurdagi 67 ta masjiddan 65 tasi armanlar tomonidan vayron qilingan,  qolgan ikkitasi cho‘chqaxona va sigirxona sifatida foydalanilgan. 

Tabiiy boyliklarimiz talon-taroj qilindi, atrof-muhitga katta zarar yetkazildi. 

Birinchi Qorabog‘ urushi natijasida 4 mingga yaqin fuqarolarimiz bedarak yo‘qoldi. Aytish mumkinki, ularning barchasi qiynoqlar bilan o‘ldirilgan. Yurtlarimiz ozod qilingandan keyin bir necha joylarda ommaviy qabrlarni topdik. Armaniston haligacha bedarak yo‘qolgan ozarbayjonliklar taqdiri haqida ma’lumot berishdan bosh tortmoqda”, deydi Ozarbayjon rahbari. 

Qorabog‘ hududida 30 yil davomi vayron qilindi. Ko‘chat ekilmadi, bino qurilmadi. Aksincha, hudud to‘liq minalandi. Xalqaro tashkilotlarning talabiga qaramay, Yerevan hamon minalangan hududlar xaritasini Bakuga bermay kelyapti. Oqibatda esa yuzlab odamlar portlashlar qurboni bo‘ldi. 

“Armaniston istilosi tufayli Ozarbayjon dunyodagi minalardan eng ko‘p zararlangan davlatlar qatoriga kiradi. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng, ya’ni 2020 yil noyabridan beri mina portlashlari oqibatida 300 ga yaqin ozarbayjonliklar halok bo‘ldi yoki og‘ir jarohat oldi”, deydi Prezident.

Ilhom Aliyev 2020 yilda Ikkinchi Qorabog‘ urushining dastlabki soatlaridan so‘nggi kuniga qadar Ozarbayjonga ko‘rsatilgan siyosiy va ma’naviy yordam uchun Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirdi. Uning rahbarligidagi Turkiya esa kundan kunga hamma yo‘nalishda, jumladan, siyosiy, harbiy, iqtisodiy ravnaq topayotganini urg‘uladi: 

“Turkiya o‘tgan 20 yil ichida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahnamoligida uzoq va shonli yo‘lni bosib o‘tdi,  dunyoda obro‘-ye’tibor qozondi,  kuch markaziga aylandi.  Bugungi kunda dunyoda Turkiya bilan hisoblashiladi va hurmat qilinadi. 

Hozir dunyoda hamma Turkiyaning harbiy qudratini, mudofaa sanoatidagi ulkan muvaffaqiyatlarini ko‘rib turibdi. Bu yillar davomida Turkiyada uzluksiz barqarorlikni ta’minlash, mamlakat taraqqiyoti butun turkiy dunyo uchun muhim shartdir”.

Sammitga yig‘ilganlarning barchasi Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an haqida takror va takror iliq fikrlar aytishi, u rahbarligidagi Turkiyaning rivojlanib, dunyoda so‘zi o‘tadigan davlatga aylanayotganini e’tirof etishi navbatdan tashqari sammit ko‘proq kutilayotgan saylovda amaldagi davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgandek taassurot uyg‘otadi. Boisi har bir davlat vakili o‘z nutqida kelayotgan saylovda Erdo‘g‘anni qo‘llashi va boshqalarni ham bunga undashini qistirib o‘tdi. 

Erdo‘g‘an esa kutilgan va kutilmagan bayonot bilan chiqdi. U Turkiyadan boshqa hech bir mamlakat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining juda bo‘lmaganda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar tomonidan tan olinishiga erishmoqchi. Bu haqda u shunday dedi: 

“Bugungi sammitni "birligimiz  – kuchimiz" shiori bilan o‘tkazyapmiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bizga qo‘shilishi bilan oila kengashimiz kuchaydi. Tashkilot sifatida biz Kipr turk xalqini kuchli va qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni ifodaladik. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi va Kipr Turk birodarlarimiz duchor bo‘lgan cheklovlarni olib tashlash uchun kurashimizni davom ettiramiz”.

O‘zi Shimoliy Kipr Turk Repsublikasi borasida savollar juda ko‘p. Tashkilotga a’zo davlatlarning hech biri tomonidan tan olinmagan ushbu “davlat” Turkiy davlatlar rahbarlari stolida nima qilyapti? Umuman bu stolga qanday qo‘shilib qoldi? 

Gap shundaki, Tashkilotning o‘tgan yilning 11 noyabr kuni o‘tkazilgan Samarqand sammitida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqqandi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytib, buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirgandi.

“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr turk respublikasini tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik”, degan edi Erdo‘g‘an.

Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.

Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi. 

“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi.

Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, degan edi Norov.

Norovning aytganlaridan keyin to‘lqin biroz tindi. Lekin joriy yilning fevral oyida Istanbulga, Turkiy davlatlar tashkilotining ofisiga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, tashkilot oldiga o‘rnatilgan flagshtokda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining ham bayrog‘i turibdi. Demak, vaziyat Norov izohlagandek emas. Qolaversa, o‘sha paytning o‘zida tashkilotning yangi bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev Shimoliy Kipr tashkilotga kuzatuvchi qo‘shilganini, Samarqand sammitida imzolangan hujjat bilan ushbu hodisa tasdiqlanganini aytib chiqdi va bunga hech bir mamlakat, hatto, Norov ham e’tiroz bildira olmadi. Ana shu shaklda Shimoliy Kipr imi-jimida tashkilotga kirib oldi. Endi esa Erdo‘g‘an uni boshqa mamlakatlar ham tan olishini xohlayapti. 

Xullas Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti shu kunning o‘zida yakuniga yetdi. Sammit yakunida Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi, Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish yuzasidan bitimni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga qaytib keldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing