Erdo‘g‘anga aloqador ko‘riladigan kompaniya O‘zbekistonda radarlar o‘rnatmoqchi

Jamiyat

image

Turkiyaning “Albayrak Holding” kompaniyasi O‘zbekiston shaharlarida “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashning avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarini o‘rnatish” loyihasini amalga oshirmoqda. Joriy yilning 10 noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va “Albayrak Holding” kompaniyasi Koordinatori Erdal Nalbant uchrashuv o‘tkazib, bu boradagi ishlarni borishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tomonlar tizimni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlagan.

“Konstruktiv fikr almashish chog‘ida loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va yangi kelishuvlar bo‘yicha ishlarni boshlash muddatlari belgilab olindi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tomonlar raqamlashtirish, infratuzilma ob’ektlarini qurish va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, “Albayrak Holding” 1952 yilda tashkil topgan. Uning tarkibiga 127 ta kompaniya kiradi va xodimlar soni 15 ming kishidan oshadi. Holding qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash, qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va logistika, mashinasozlik, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshiradi.

Mahalliy turk nashrlariga ko‘ra, “Albayrak Holding” Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yaqin ittifoqchisi tomonidan boshqariladi. Kompaniya 2010-2021 yillar ichida umumiy qiymati 7 milliard turk lirasidan ortiq bo‘lgan 437 ta davlat tenderini yutgan. Holding Turkiyadagi mahalliy munitsipalitetlar va davlat idoralari uchun avtomobil ijarasi, qurilish va chiqindilarni olib tashlash kabi ko‘plab ishlarni bajardi. Firma, shuningdek, hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli xususiylashtirish doirasida hokimiyatdan shakar, qog‘oz va sanoat uskunalari zavodlarini sotib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing