Erdo‘g‘an va Pashinyan yarashish payida. Ozarbayjon kutilmagan bayonot bilan chiqdi
Olam
−
27 dekabr 2021
10666Armaniston munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha muloqotni boshlash uchun Moskvada Yerevan va Anqara emissar (Boshqa davlatga yashirin siyosiy topshiriq bilan yuborilgan agent – tahr.)larining birinchi uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini o‘rganmoqda. Tegishli xabarni bugun, 27 dekabr kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vaan Unanyan o‘zining Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi.
“Ayni damda Armaniston va Turkiya maxsus vakillarining uchrashuvi sanasi bo‘yicha kelishuv mavjud emas. Moskvada uchrashuv o‘tkazish imkoniyati muhokama qilinmoqda”, deydi u.
Joriy yilning 20 dekabr kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Turkiya va Armanistonning ikki davlat munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha maxsus vakillari yaqin kelajakda Moskvada uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini aytdi.
Anqara maxsus vakil lavozimiga Turkiyaning AQSHdagi sobiq elchisi Serdar Qilichni, Yerevanga esa parlament raisi o‘rinbosari Ruben Rubinyanni tayinladi.
Kelishuvlar ortidan kutilmaganda Ozarbayjon Turkiya va Armaniston munosabatlarining normallashuv jarayonini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov ma’lum qildi.
“Ozarbayjon Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuvini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi vazir.
Unga ko‘ra, bu mintaqadagi jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. U Ozarbayjon barcha qo‘shnilar bilan xalqaro huquq asosida munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini urg‘ulaydi.
Agar ikki mamlakat maxsus vakillari o‘rtasidagi uchrashuv risoladagidek kechsa, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashishi mumkin.
Umumiy chegaraga qaramay, Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. 2009 yilda Syurixda ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari diplomatik munosabatlar o‘rnatish va munosabatlar tamoyillari to‘g‘risidagi protokollarni imzolagan, biroq bu hujjatlar tomonlar tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. 2018 yil 1 mart kuni Armaniston protokollar bekor qilinganini e’lon qilgan.
LiveBarchasi