Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlandiyaga shart qo‘ydi 

Olam

image

Shvetsiya va Finlandiya terrorizmga qarshi kurash masalasida Anqaraga yozma kafolat bermagunicha Turkiya NATOga a’zolik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqmaydi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan telefon orqali muloqot chog‘ida aytib o‘tgan.

"Suhbat chog‘ida Prezident Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish masalasida Turkiyaning haqli xavotirlarini bartaraf etadigan qadamlar qo‘yishi zarurligiga e’tibor qaratdi. Prezident ikki davlat terrorizmga qarshi kurash va mudofaa sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha paradigmani o‘zgartirish bo‘yicha yozma majburiyatlarni olmasdan turib, bu jarayonda oldinga siljish mumkin emasligini ta’kidladi”,  deyiladi Erdo‘g‘an idorasi suhbatdan so‘ng bergan bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya rahbari joriy yilning 18 may kuni Anqara Shvetsiya va Finlyandiyaning terrorchi tashkilotlarga, xususan Turkiya terrorchi guruh deb hisoblagan Kurdiston Ishchilar partiyasiga munosabatini aniqlamaguncha NATOga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgandi. 

U 16 may kuni ham xuddi shunday bayonot bilan chiqib, Finlyandiya va Shvetsiyaning ushbu davlatlar Kurdiston Ishchilar partiyasi faoliyatiga aloqador shaxslarni Turkiyaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgani munosabati bilan NATOga kirishiga qarshi ekanligini ma’lum  qilgandi. Biroq 21 may kuni Erdo‘g‘an agar Stokgolm va Xelsinki xavfsizlik muammolari yuzasidan Anqara bilan aniq birdamlik bildirsa, Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning tashkilotga kirishini qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qilgandi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing