Erdo‘g‘an Rossiyaning Ukrainaga qo‘ygan 6 shartidan 2 tasiga qarshi chiqdi
Olam
−
26 mart 2022
24534Ayni vaqtda Ukraina va Rossiya muzokaralarining olti bandidan to‘rttasi bo‘yicha mamlakatlar o‘zaro tushunish va kelishishga yaqin turibdi. Biroq, ikki masala bo‘yicha taranglik hamon mavjudligicha qolmoqda. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Bryusseldan qaytayotib jurnalistlar bilan muloqotida ma’lum qildi.
24 mart kuni Belgiya poytaxtida o‘tgan NATOning favqulodda sammitida qatnashgan Erdo‘g‘an, Ukraina va Rossiya muzokaralarida konsensus mavjud bo‘lgan 4 masalani ochiqladi.
“O‘ylaymanki, muzokaralarda to‘rt band bo‘yicha konsensus mavjud. Birinchi nuqta Ukrainaning NATOga qo‘shilishi bilan bog‘liq. Avvaliga Ukraina alyansga a’zo bo‘lishni talab qilgan, biroq keyinchalik [Ukraina Prezidenti Vladimir] Zelenskiy rad etish ehtimoli haqida gapira boshladi. Yana bir nuqta Ukrainada rus tilining rasmiy til sifatida qabul qilinishi bilan bog‘liq. Zelenskiy bu fikrga qo‘shildi. Deyarli Ukrainada rus tilida gaplashiladi. Bu borada hech qanday muammo yo‘q”,deydi Erdo‘g‘an Rossiyaning talablarini eslarkan.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mojaro tomonlari muhokama qilayotgan yana bir muhim mavzu Ukrainani qurolsizlantirish bilan bog‘liq.
“Albatta, Ukraina mustaqil davlat, shuning uchun qurolsizlanishni talabini A dan Z gacha qabul qilish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ammo bu masalada ham tushunarsiz jihatlar yo‘q. Ya’ni, Ukraina tomoni bu masalada ham ma’lum yon berishlar bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Muzokaralarning to‘rtinchi bandi jamoaviy xavfsizlik bilan bog‘liq. Ukraina bu borada ham ijobiy yondashuvni namoyish etdi”, deydi Erdo‘g‘an.
Biroq, Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qrim va Donbass masalasida haligacha konsensus yo‘q.
“Natijada Zelenskiy Donbass bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi”, deydi Erdo‘g‘an, bu borada Ukraina davlati rahbarining donoligi va yetakchilik fazilatlarini urg‘ulab.
U so‘zida davom etarkan, avval boshdanoq Turkiya Qrimning anneksiyasini tan olmay kelayotganini va bu haqda bor ovozi bilan gapirayotganini ta’kidlaydi Prezident. Davlat rahbari rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan har suhbatda Anqaraning bu boradagi pozitsiyasini bildirganini ham ochiqladi.
“Ammo o‘sha paytda G‘arb bu mavzuda bugungidek aniq pozitsiyaga ega emas edi. Bularning barchasi bugun biz bilan sodir bo‘ldi, chunki G‘arb bunday pozitsiyani qabul qilmagan”, deya qo‘shimcha qildi Turkiya rahbari.
LiveBarchasi