Erdo‘g‘an Putinni asirlarni almashishga ko‘ndirmoqchi
Olam
−
19 avgust 2022
4848Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Moskva va Kiyev o‘rtasidagi mahbuslarni almashish masalasini muhokama qilmoqchi ekanligini aytdi. Bu haqda u kecha, 18 avgust kuni Ukrainaning Lvov shahrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochgan.
“Albatta, uchrashuvda biz Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan harbiy asirlarni almashish masalasini va bu boradagi tashabbuslarimizni muhokama qildik. Shu nuqtai nazardan, janob Putin va Rossiya tomoni joriy uchrashuvning barcha natijalarini baholashda davom etadi”, deydi u.
Turkiya rahbari tomonlar almashinuv masalasiga katta ahamiyat berishini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u bu muammoni hal qilish uchun Ukraina va Rossiya o‘rtasida vositachilik qilishga tayyor ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida yopiq formatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari uchrashuv chog‘ida g‘alla tashabbusini yanada rivojlantirish imkoniyatlari, Rossiyaning Zaporoje atom elektr stansiyasidagi yadroviy shantajini muhokama qilgan.
Shuningdek, mudofaa sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi