Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiyni tezroq uchrashishga chaqirdi

Olam

image

Kecha, 30 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng tinchlikka erishish yo‘lidagi keyingi qadam davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.

Anqara bayonotiga ko‘ra, suhbat davomida Erdo‘g‘an Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarning ikkinchi bosqichida o‘t ochishni to‘xtatish masalasi muhokama qilinishi mumkinligini qayd etar ekan, bu jarayon tinchlik harakati uchun muhim bosqich bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Turkiya Prezidenti tomonlar delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ishtirok etishi ijobiy sur’atni saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan. 

“Erdo‘g‘an ishonch bildiradiki, delegatsiyalar darajasidagi muzokaralardan keyin mamlakatlar rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot bosqichi bo‘lishi lozim – bu qadam kechiktirmasdan amalga oshirilishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Moskva va Kiyevda rasmiy safarda bo‘lib, Erdo‘g‘an rahbarligida Istanbulda AQSH, Ukraina va Rossiya Prezidentlari uchrashuvi bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Bundan oldin, 28 may kuni Zelenskiy ham Putin va Donald Tramp bilan muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, Kreml ham Putin bunday uchrashuvga tayyor ekanini tasdiqlagan, biroq bu faqat Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida mojaroni tugatish shartlari yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgandan so‘nggina amalga oshishi mumkinligini qayd etgan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi mumkin. Oldinroq, 16 may kuni o‘sha yerda ikki mamlakat delegatsiyalari so‘nggi uch yildagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvni o‘tkazgandi. Shu uchrashuvda tomonlar ikkinchi bosqichga tayyorgarlik sifatida tinchlik shartlari keltirilgan memorandum tayyorlashga kelishgan.

Kiyev ushbu memorandumni allaqachon Vashington va Moskvaga taqdim etgan va Rossiya tomonidan ham javob memorandumini muzokaralargacha oldindan berishini kutmoqda. Biroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva o‘z memorandumini Ukrainaga faqat muzokaralar kunining o‘zida taqdim etadi.

Ayni paytda Ukraina delegatsiyasining 2 iyun kuni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishi rasman tasdiqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing