Erdo‘g‘an Putin bilan Suriyadagi janglar haqida gaplashdi

Olam

image

Bugun, 18 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida telefon orqali muhim suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi. 

Suhbat chog‘ida tomonlar Yaqin Sharqdagi dolzarb vaziyat, jumladan, Suriyadagi keskinlikning kuchayishi yuzasidan atroflicha fikr almashgan. 

Ikki davlat rahbarlari Suriyada so‘nggi kunlarda kuchaygan zo‘ravonlik holatlaridan jiddiy xavotirda ekanini bildirar ekan, mamlakatdagi vaziyatni tez orada barqarorlashtirish uchun milliy kelishuv va dialog asosida harakat qilish zarurligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, ko‘p konfessiyali suriyalik jamiyat vakillarining qonuniy huquqlari hurmat qilinishi, mamlakatning suvereniteti, yaxlitligi va hududiy butunligiga rioya etilishi zarurligi alohida urg‘u bilan qayd etilgan.

Ukraina mojarosi yuzasidan suhbat davomida Vladimir Putin mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlagan. U Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni Istanbulda o‘tkazishga doimiy tayyorgarlik bildirgani uchun minnatdorlik izhor etgan.

Shuningdek, tomonlar Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini ham muhokama qilgan. Xususan, 2025 yil 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya-Turkiya hukumatlararo savdo-iqtisodiy komissiyasi yig‘ilishi ijobiy baholangan.

Suhbat so‘ngida Putin va Erdo‘g‘an muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan muntazam aloqada bo‘lib turish bo‘yicha kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, Suriyada badaviy qabilalari va druzlar o‘rtasidagi ochiq to‘qnashuvlar 13 iyulda boshlangan va tezda keng ko‘lamli janglarga aylangan. Hududga hukumat kuchlari yuborilgan, ammo druz tuzilmalarining hujumlari oqibatida o‘nlab askar halok bo‘ldi. Vaziyat avj olgan paytda qisqa muddatli otashkesimga erishildi, biroq u tez orada buzildi.

Shundan so‘ng Isroil Suriya hukumati nishonlariga qator zarbalar berdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.

Mahalliy manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaydadagi janglar, shuningdek, Isroil zarbalari oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Qurbonlarning aniq soni hozircha noma’lum.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an telefon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing