Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
20 Sentabr 2023
3990Turkiya Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu xaqda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi davomida aytib o‘tdi.
Kecha, 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiya davomida Turkiya Prezidenti Qorabog‘ Ozarbayjon hududi ekanini, rasmiy Anqara Bakuning mintaqadagi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan.
“Qorabog‘ Ozarbayjon hududidir. Boshqa maqomning o‘rnatilishi hech qachon qabul qilinmaydi”, degan Erdo‘g‘an.
Shu bilan birga, Turkiya rahbari Qorabog‘dagi operatsiyadan asosiy maqsad doimiy tinch yashash bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagan. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi